O‘zbekiston “yashil” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish orqali ekologik barqarorlikni mustahkamlamoqda
2025-04-19 11:00:00 / Yangiliklar

Loyiha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Tadbir respublika vazirlik va idoralari hamda xalqaro tashkilotlar vakillarini loyihani amalga oshirish jarayonini va muammolarni muhokama qilish, 2025-yilga mo‘ljallangan ish rejasini taqdim etish, tavsiya va maslahatlar olish maqsadida birlashtirdi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi direktori Ravshan Fayziyev O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi oqibatlariga, ayniqsa, chuchuk suv resurslari miqdori va sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishda juda zaif ekanini ta’kidladi.
“Milliy iqlim boʻyicha saʼy-harakatlar “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, jumladan, samaradorlikni oshirish va tabiiy resurslar degradatsiyasini toʻxtatish maqsadida yanada barqaror kelajak uchun qishloq-oziq-ovqat tizimlarini koʻkalamzorlashtirish saʼy-harakatlari bilan birga olib boriladi”, — dedi Fayziyev.
FAOning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha vakili, loyihaning bosh texnik direktori Tania Santivanez qishloq xo‘jaligi tizimidagi ekologik muammolarni hal qilishda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurati “yashil” qishloq xo‘jaligi konsepsiyasini yaratishga olib kelganini ta’kidladi.
“Yashil” qishloq xo'jaligiga o'tish hamkorlikdagi yordam, salohiyatni oshirish, texnologiyalarni uzatish va moliyaviy qo'llab-quvvatlash orqali asosiy o'zgarishlarni talab qiladi. Ushbu seminar doirasida biz O'zbekistonda iqlim barqarorligiga erishish, kimyoviy vositalardan foydalanishni kamaytirish va qishloq joylarini barqaror rivojlantirish yo'llarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo’ldik", — dedi Tania Santivanez.
O‘zbekistonda zararli pestitsidlardan foydalanishni kamaytirishga alohida e’tibor qaratilgan holda qishloq-oziq-ovqat sektorida atrof-muhit muhofazasi va barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Atrof-muhitning yomonlashuvi va iqlim o'zgarishi, ayniqsa, suv tanqisligi va tuproq salomatligi nuqtai nazaridan ortib borayotgan xavf-xatarlarni keltirib chiqarar ekan, mamlakat yanada “yashil” va barqaror qishloq xo'jaligi amaliyotlariga katta ahamiyat bermoqda. Shu nuqtai nazardan, ekotizimlarni himoya qilish, aholi salomatligini muhofaza qilish va yerning uzoq muddatli hosildorligini ta'minlash uchun kimyoviy manbalarga barqaror alternativalarni ilgari surish muhim ahamiyatga ega.







