2025-yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi
2024-11-20 15:00:00 / Yangiliklar
Davlat rahbari o’z nutqida bugun nafaqat Oʻzbekiston, balki dunyodagi koʻplab mamlakatlar iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qilayotganini ta’kidladi.
Havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, choʻllanish, qazilma yoqilgʻilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning koʻpayishiga olib kelayotganini, atrof-muhit va aholi sogʻligʻiga zarar yetkazayotganini qayd etdi.
“Bunga javoban mamlakatimizda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlandi. Qoʻshni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Poytaxtimizda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish universiteti tashkil etildi, - dedi Prezident. - Shuningdek, Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori boʻldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga aylanmoqda”.
Davlat rahbari xalqimizning fikr-mulohazalari, xohish-istaklarini atroflicha oʻrganib, bildirilgan tavsiyalardan kelib chiqqan holda, bu boradagi ishlarni yangi, yanada yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida 2025-yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilishni taklif qildi.