Elektromobillardan foydalanishning afzalliklari
2024-10-08 17:10:00 / Yangiliklar
Elektromobillardan foydalanish atrof-muhit uchun bir qancha afzalliklarga ega. Xususan, bir yil davomida foydalanilgan bitta elektromobil oʻrtacha 1500 kg (CO2) karbonand angidrid bilan atmosfera havosini ifloslanishining oldini oladi.
Mazkur transport vositalari nafaqat tejamkor, balki chiqindilarni kamaytirish va shaharlardagi havo sifatini yaxshilashga sezilarli yordam beradi. Elektr transport vositalari chiqindi gazlarini ishlab chiqarmaydi, bu esa karbonat angidrid (CO2), azot oksidi (NOx) va zarrachalar (PM) kabi havoni ifloslantiruvchi moddalar darajasini bevosita kamaytiradi.
Taqqoslash uchun, har bir benzin yoqilgʻisida harakatlanadigan avtomobil 15 ming km masofani bosib oʻtganda atmosferaga 3 tonnagacha karbonat angidrid gazi, 93 kg uglevodorodlar, 0,5 tonna uglerod oksidi, 30 kg.ga yaqin azot oksidi chiqaradi. Dizel yoqilgʻisida harakatlanadigan avtomobillarda bu koʻrsatkichlar biroz yuqori.
Elektromobillarni zaryadlashda quyosh, shamol yoki boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalaniladi, bu esa gaz yoki benzinda yuradigan transport vositalariga nisbatan zararini ancha kamaytiradi, yaʼni uglerod chiqindilarining umumiy miqdori sezilarli darajada kamayadi.
Faqat elektr transport vositalariga ruxsat berilgan ekologik toza hududlarni joriy etish shahar markazlarida ifloslanish darajasini kamaytiradi. Havo sifatining yaxshilanishi kasalliklarning kamayishiga sabab boʻlishi mumkin.
Bundan tashqari, elektromobillarga oʻtish barqaror rivojlanish konsepsiyasini qoʻllab-quvvatlaydi, toza va xavfsiz shahar yaratishga hissa qoʻshadi.
Umuman olganda, elektr transport vositalarining joriy etilishi shahar havosi sifatini yaxshilash va zararli chiqindilarni kamaytirish yoʻlidagi muhim qadamdir. Bu esa nafaqat ekologik vaziyatning yaxshilanishiga, balki shaharlardagi hayot sifatining oshishiga ham olib keladi.