“Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i
2025-04-01 00:00:00 / Milliy tabiat bog‘lari

“Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i Hisor tog‘ tizmasining janubi g‘arbiy yon bag‘irlarida joylashgan bo‘lib, dengiz sathidan 930 metrdan 3700 metrgacha balandlikdagi hududni o‘z ichiga oladi. Eng yuqori nuqtasi Xo‘jaikuyikalon cho‘qqisi bo‘lib, ushbu tog‘ dengiz sathidan 3700 metr balandlikka ega. Milliy tabiat bog‘i relyefi murakkab bo‘lib, chuqur daralar hosil kilib oqadigan soylar taʼsirida cho‘qqilar bir biridan ajralib turadi. Milliy tabiat bog‘ining gidrografik tarmogi Surxondaryo viloyati va Tojikiston Respublikasi chegara zonasi, asosiy tizmaning muzliklari va qorli maydonlari bilan chegaradosh. Milliy tabiat bog‘i Xisor tog‘ tizmasining markaziy quyi qismida joylashgan.
Milliy tabiat bog‘ining umumiy maydoni 27 851 ga.
“Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i Surxondaryo viloyati markazidan 205 km, Sariosiyo tumani markazidan 45 km uzoqlikda joylashgan.
Tabiiy sharoiti: Milliy tabiat bog‘i iqlim sharoiti o‘rtacha namlik va salqin, geologik tuzilmasida proterozoy metamorfik kompleksiga mansub.
Florasi: “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i hududida 547 tur o‘simlik turlari uchrashi maʼlum bo‘lgan, shundan 18 turi yo‘qolib ketish arafasidagi yoki “Qizil kitob”ga kiritilgan turlardir.
Faunasi: “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i hududida umurtqali hayvonlarning 220 turi uchrashi kuzatilgan, Shu jumladan, sut emizuvchilarning
26 turi To‘ng‘iz, cho‘chqa (Sus scrofa), Bo‘ri (Canis lupus), Turkiston silovsini (Lynx lynx isabellinus), Jayra (Hystricidae), “Qizil kitob”ga kiritilgan turlardan Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i (Ursus arctos), Qor qoploni yoki ilvirs (Panthera uncia) shular jumlasidandir. Qushlarning 137 turi, sudralib yuruvchilarning 25 turi, baliqlar turiga mansub bo‘lgan 5 tur hayvonlar aniqlangan.
Hududda uchraydigan yovvoyi hayvon va qushlarning 12 turi TMXI “Qizil ro‘yxati” va O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan.
Ekoturizm maskanlari: Milliy tabiat bog‘i himoya maydonida joylashgan 2000 yillik (Archa) Savr daraxti yoki Sharq Biotasi (Biota Vostochnaya) alohida ahamiyatga ega bo‘lib, hudud Sariosiyo tuman markazidan 45 km uzoqlikda bo‘lib, “To‘palang” suv omborining yuqori qismida hamda “Turmushobod” MFY, Kundaijuvoz qishlog‘ining yuqori qismida “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘ining Zevar bo‘limida joylashgan.
Tashrif vaqti
Ish kunlari soat 12:00 dan 20:00 gacha (qishda 17:00 gacha) Dam olish va bayram kunlari soat 09:00 dan 21:00 gacha (qishda 17:00 gacha)
Manzil: “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘ining maʼmuriy binosi Sariosiyo tumani, Sharg‘un shahri, Konchilar mahallasi, Shaxtiyorlar ko‘chasi, 5 uyda joylashgan.




