“World cleanup day”: respublikamiz hududlari jami 36,5 tonna chiqindilardan tozalandi
2024-09-20 19:50:00 / Yangiliklar
Aksiya Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, vazirlik huzuridagi Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi tomonidan “Coca-cola” kompaniyasi va "O‘zsanoatqurilishbank" hamkorligida “Hayot uchun joy ajrating” shiori ostida o’tkazildi.
Tadbirda Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov, Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi hamda tizim tashkilotlar vakillari, yosh eko-faollar, maktab o'quvchilari, ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
"Chiqindidan tozalanadigan joydan chiqindi tashlanmaydigan joy pokizaroqdir. Shuning uchun, avvalo, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlamaslik kerak, — dedi Aziz Abduhakimov. — Asosiy maqsadimiz keng jamoatchilikning chiqindilarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish va bu orqali chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish. Aslida, faqat "Butunjahon tozalik kuni"da emas, har kuni atrof-muhitni toza saqlashimiz lozim".
Aksiya davomida ishtirokchilar vazir boshchiligida belgilangan hududni chiqindilardan tozalashdi. Shuningdek, 12 ta jamoa plogging musobaqasida bellashdi. Unda 120 kg chiqindi to‘plagan Toshkent viloyatining 31-maktab jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Plogging davomida jami 575,13 kg chiqindi yig‘ildi. Aksiya davomida to‘plangan 100 kg plastik idishlar qayta ishlash uchun yuborildi.
Bundan tashqari, yosh eko-faol rassomlar tomonidan atrof-muhitni ozoda saqlashga doir suratlar chizildi, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi, o‘rmon xo‘jaligi va gidrometeorologiya mavzulariga oid bo‘lgan ekologiya o‘yinlari (“Green” Eco Games) tashkil qilindi. Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.
Ta'kidlash joizki, “Butunjahon tozalik kuni” tadbirlarida respublika bo‘yicha 1000 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududlar jami 36,506 tonna chiqindilardan tozalandi.
Ma'lumot uchun, "World cleanup day" aksiyasi dastlab 2008-yilda Estoniyada bo‘lib o‘tgan. 2023-yilda harakat 211 mamlakatdan 19,1 million kishini safarbar qilgani uchun BMTning Barqaror rivojlanish mukofotiga sazovor bo‘ldi. O‘zbekistonda 2019-yildan buyon Butunjahon tozalik kuni nishonlanadi.
#WCDUz #WorldCleanupDayUzbekistan #Worldcleanupday