Sanitar tozalash xizmati sohasida texnikalardan samarali foydalanishning yangicha tajribasi joriy etilmoqda
2024-06-20 12:25:00 / Yangiliklar
Quvvatlantirilganidan keyin 80 km. masofa bosib oʻta oladigan maxsus motoroller kuniga 2 martagacha aholi yashash joylaridan maishiy chiqindilarni olib chiqish imkoniyatiga ega. Ushbu texnikalar chiqindilarni saralagan holda olib chiqib, qayta yuklash stansiyasiga tashishi bilan ham hozirgi yirik transport vositalariga qaraganda foydali hisoblanadi. Natijada tayyor saralangan chiqindilarni yana qaytadan saralashga hojat qolmaydi. Texnika kuchi va xarajatlar tejalishi hisobiga poligonlarda tashkil etiladigan eko-klaster hududining oʻzida chiqindilarni qayta ishlashga erishiladi.
Ma'lumot oʻrnida: yuk tashuvchi motorollerning xarid narxi 32 mln. soʻm bo'lib, hozirgi kunda foydalanilayotgan narxi 869 mln. soʻm boʻlgan chiqindi tashuvchi yirik transportlardan 27 baravar arzondir. Ushbu transportni saqlash, ta'mirlash va ishchi kuchi kabi bir yillik xarajatlari 14 baravar hamda yoqilgʻi sarfi jihatdan esa 5 barobarga tejamkor hisoblanadi.
Ushbu motorollerlar elektrga moʻljallangan. Ahamiyatlisi, ulardan keng foydalanish yo'lga qo'yilgach, sohada qoʻshimcha ishchi oʻrinlari soni ortadi. Elektro motorollerlar chiqindilarni “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” chiqindilariga saralab tashishga moʻljallangan. Hozirgi chiqindi tashuvchi transportlarda esa chiqindilarni saralab tashishning imkoni yo'q va bu chiqindilarni qayta ishlash qamrovi darajasi ortishiga sezilarli ta'sir ko'rsatadi.
Dastlabki jarayonda tajriba sifatida chiqindilarni tashishni alohida turlarga ajratish maqsadida 3 turdagi 150 ta motoroller xarid qilinadi. Ushbu transport vositalarini respublikaning barcha hududlarida sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.