Xorazm viloyatida inspektor xizmat vaqtida hujumga uchradi
2024-06-07 22:30:00 / Yangiliklar
Ma’lum bo’lishicha, hududda 2024-yil bahorida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan 3000 tup gujum koʻchatlari nobud boʻlish holatiga kelib qolgan. Bunga milliy tabiat bogʻiga tutash hududda “Amudaryo oltin baliq” f/x tomonidan ajratilgan yer maydonidan tashqariga chiqib, gujum koʻchatlari ekilgan joyga sholi ekish maqsadida maydon chetidagi katta himoya chegaralari buzib tashlangani va suv ochib yuborilgani sabab bo’lgan. Buning oqibatida gujum koʻchatlari bir necha kundan buyon suv ostida qolib ketgan. Xorazm milliy tabiat bogʻi maʼmuriyati tomonidan fermer xo’jaligiga 1 kun muddatda suv chiqarib yuborilmasa, 3000 dan ziyod koʻchat nobud boʻlishi va bu maʼmuriy javobgarlikka tortilishi yuzasidan ogohlantirish xati berilgan.
Ammo fermer xo’jaligi rahbari A. O’. bu ogohlantirishga parvo qilmasdan, 4-iyun kuni kechqurun soat tungi 00:00 lar atrofida bog’ hududiga suv ochish maqsadida kirgan. Shu paytda uni inspektor payqab qolgan va huquqbuzarlikni bartaraf qilishga uringan. Lekin mast holatda bo’lgan A.O’. inspektorga qarshilik ko’rsatgan va uni do’pposlab, tan jarohati yetkazgan.
Inspektor Yangibozor tuman tez tibbiy yordam muassasasiga yotqizilgan. Ayni damga kerakli muolajalar ko’rsatilmoqda.
Holat yuzasidan tegishli hujjatlar Yangibozor tuman Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yangibozor tumani boʻlimiga qonuniy chora koʻrish uchun yuborilgan.
Maʼlumot uchun, “Amudaryo oltin baliq” f/x rahbari A. O’. bundan oldin ham Xorazm milliy tabiat bogʻi hududida huquqbuzarlik sodir etgan va sud tomonidan tegishli jazoga tortilgan.