Xorijiy davlatlar turizm sohasi rahbarlari bilan qator kelishuvlarga erishildi
2024-06-04 13:10:00 / Yangiliklar
Xususan, Saudiya Arabistoni Podshohligi Turizm vaziri maslahatchisi Abdulaziz Algʻorrayeb bilan suhbatda Oʻzbekistonda turistik infrutuzilmani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami hamda “Qadimiy Buxoro” turizm zonasi qurilishiga saudiyalik investorlarni jalb qilish masalasi muhokama qilindi va loyiha bilan yaqindan tanishtirish maqsadida investorlar bilan uchrashuv tashkil qilishga kelishib olindi.
Marokash Sultonligining Oʻzbekistondagi elchisi Mohammed Adil Embarch bilan mashhur arab tadqiqotchisi “Ibn Batuta izidan” mavzusida targʻibot loyihalarini ishlab chiqish, Fatim-Zaxra Ammorning Oʻzbekistonga tashrifinii tashkil qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.
IHT Bosh kotibi H.Noziri bilan boʻlib uchrashuvda “Shahrisabz – 2024-yil IHT turizm poytaxti” tadbirlari yakunlari muhokama qilindi. Oʻz navbatida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan IHT turizm boʻyicha Konsultativ kengashini tashkil etish masalasini aʼzo davlatlar bilan kelishish jarayonini tezlashtirish va birinchi oʻtkazish choralarini koʻrishga kelishildi.
Turkmaniston madaniyat vaziri A.Shamuratov bilan uchrashuvda asosiy masalalardan biri – viza tizimini yengillashtirish boʻyicha Turkmaniston Hukumati tomonidan uzil-kesil qaror qabul qilsa, dastlabki bosqichda Xorazm va Avaza oʻrtasida yengillashtirilgan viza tizimini joriy qilish orqali oʻzaro sayyohlar tashrifini tashkil etish boʻyicha hamkorlik dasturini imzolashga kelishildi.
“UN Tourism” tashkilotining Yaqin Sharq boʻyicha mintaqaviy direktori Basmah Al-Mayman xonim bilan uchrashuvda turizm rivojida kadrlar salohiyatining muhimligi taʼkidlandi. Al-Mayman xonim bu sohada Oʻzbekiston Hukumati olib borayotgan siyosatga yuqori baho berib, Samarqand shahrida yangi tashkil qilingan “UN Tourism Academy” va Saudiyada tashkil qilingan “UN Tourism Academy” oʻrtasida hamkorlik oʻrnatishni taklif qildi. Oʻzbekiston tomoni mazkur taklifni qoʻllab-quvvatladi va hamkorlik doirasida nafaqat pedagoglar, balki talabalarning ham bir yillik davrda turli akademiyalarda taʼlim olishini tashkil qilish taklifini ilgari surdi. Uchrashuvda bu tajribaning mexanizmlarini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Tojikiston Turizmni rivojlantirish qoʻmitasi raisi Kamoliddin Moʻminzod bilan uchrashuvda Oʻzbekiston va Tojikistonning bir-biriga chambarchas bogʻliqligi va Tojikistonga tashrif buyuruvchi sayyohlaring asosiy qismini Oʻzbekiston fuqarolari tashkil etishi alohida taʼkidlandi. Kamoliddin Moʻminzodning soʻzlariga koʻra, Tojikiston turizmni rivojlantirish boʻyicha “oʻzbek tajribasi”ga katta qiziqish bildirmoqda. Uchrshuvda muntazam ravishda B2B uchashuvlarni tashkil qilish, Oʻzbekiston maktab oʻquvchilari uchun Tojikistonda yozgi taʼtil davomida sayohatlar uyushtirish, oʻzaro info-turlarning sonini oshirish, turizm sohasida mavjud normativ huquqiy asoslarni muvofiqlashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Misr Arab Respublikasi Turizm va osori-atiqalar vaziri oʻrinbosari Gʻada Shalabi bilan suhbat davomida aviaqatnovlar sonini oshirish, vizalarni yengillatish hamda kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha bir qator loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Quvayt davlati Axborot vaziri oʻrinbosari Naser Ahmad Muhaysan bilan uchrashuvda ikki davlat oʻrtasida aniq taklif va yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan bitim va dastur ishlab chiqishga, koʻrgazmalarda ishtirok etish va oʻzaro tashriflarni jadallashtirish hamda ishbilarmon doiralar oʻrtasida aloqalarni mustahkamlashga kelishildi.
Malayziya Turizm, sanʼat va madaniyat vazirligining Bosh kotibi Dato Roslan Tan Sri bilan soʻnggi yillarda erishilgan kelishuvlar ijrosi muhokama qilindi. Hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari taʼlim va Umra+ yoʻnalishlari ekanligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, Umra+ yoʻnalishida yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun aviachiptalarda guruh tariflarini qoʻllash masalasini tiklashni koʻrib chiqiladigan boʻldi.
Birlashgan Arab Amirliklari Iqtisodiyot vaziri oʻrinbosari Abdulla Alsaleh bilan uchrashuvda turizm sohasida info turlar tashkil qilish, B2B uchrashuvlar va koʻrgazmalarda ishtirokni jadallashtirish, efir vaqtlari bilan almashinish, turli qoʻshma targʻibot loyihalarini (“Coolest winter”, “How to spend 100$ in Uzbekistan”, etc.) amalga oshirishga kelishib olindi.
Qozogʻiston Turizm vaziri oʻrinbosari Yerjan Yerkinbayev bilan esa Oʻzbekiston-Qozogʻiston turizm halqasini yaratish, Markaziy Osiyo transchegaraviy turlarini shakllantirish masalasi muhokama qilindi.
Tomonlar oʻrtasida yangi yoʻnalish sifatida ekoturizmni rivojlantirish uchun qoʻshma loyihalar ishlab chiqishga (Boʻzjira-Orol yoʻnalishida qadimgi Tetis okeani tubi boʻylab ekstremal turlar tashkil qilish, ikki davlat koʻllari boʻylab grand turlar tashkil etish) kelishib olindi.