Daraxtlarni parvarish qilish majburiyatini bajarmagan shaxsga chora ko‘rildi
2024-05-31 14:50:00 / Yangiliklar
Farg‘ona viloyati Ekologiya boshqarmasi O‘zbekiston tuman bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tumandagi "Bog‘ieram" MFY hududida joylashgan 1-son kasb-hunar maktabida kuz va bahor mavsumida ekilgan ko‘chatlar, “Yashil bog‘”larning ekilish holati monitoring qilinmoqda.
Monitoring jarayonida maktab hududidagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan archa daraxtlari eʼtiborsizlik va sug‘orish tizimlari qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilganligi sababli qurib qolgan holatlari aniqlandi.
Holat yuzasidan daraxtlarni parvarishlash uchun biriktirilgan masʼul shaxsga nisbatan MJtKning 79-moddasi 3-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Fuqaro bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari, yaʼni 3 million 400 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
Shuningdek, monitoring davomida mutasaddilar va masʼullarga tegishli tushuncha va ko‘rsatmalar berilmoqda.