Bolalarni bog'chaga qabul qilishda qanday tibbiy ma'lumotnomalar talab qilinadi?
2025-02-26 12:10:00 / Yangiliklar

Ma'lumki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 maydagi tegishli qaroriga muvofiq mamlakatimizda umumiy turdagi davlat bog'chalariga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo'lgan bolalar qabul qilinadi. Xususiy maktabgacha ta'lim muassasasiga qabul qilish yoshi va tartibi esa ushbu maskan tomonidan mustaqil belgilanadi.
Xo'sh, bu jarayonda ota-onalardan qanday tibbiy ma'lumotnomalar talab etiladi?
Mazkur savolga Toshkent shahar sog'liqni saqlash boshqarmasi bosh pediatri Dilobar Hidoyatova batafsil javob berdi.
— Bog'cha yoshi bolalikning eng muhim davri, — deydi mutaxassis. — Shu bois yurtimizda jajji o'g'il-qizlar salomatligini asrash, ular o'rtasida kasalliklarning oldini olishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Xususan, bugungi kunda bolalarni MTMga qabul qilishda ota-onalardan bir nechta tibbiy ma'lumotnomalar talab qilinadi.
Amaldagi tartibga ko'ra, ayni paytda tug'uruq komplekslarida chaqaloq dunyoga kelgach, to'g'ridan to'g'ri ota-onaning yashash manzili bo'yicha ro'yxatga olinadi va avtomatik tarzda Davlat xizmatlari markazi orqali maktabgacha ta'lim muassasasiga navbatga qo'yiladi.
Bola 3 yoshga to'lgach, DXM tomonidan ota-onaning mobil telefoniga farzandini bog'chaga joylashtirish uchun navbati kelgani haqida SMS-xabarnoma yuboriladi.
Shundan so'ng Sog'liqni saqlash vazirligining 2022 yil 27 iyuldagi tegishli buyrug'iga binoan 026-shakldagi tibbiy ma'lumotnoma olish uchun bola hududiy oilaviy poliklinikada yo'llanma asosida stomatolog, endokrinolog, ortoped, oftalmolog, oila shifokori tomonidan tibbiy ko'rikdan o'tkaziladi.
Umumiy qon va peshob hamda 3 marta gijjaga qarshi laborator tahlillar olinadi.
Qolaversa, bola Milliy profilaktik emlash kalendariga muvofiq virusli gepatit V, sil, poliomielit, rotavirus infektsiya, bo'g'ma, qoqshol, ko'kyo'tal, XIB infektsiya, qizamiq, epidparotit, pnevmokokk infektsiya kabi xastaliklarga qarshi vaktsina olganligi haqida 063-shakldagi tibbiy ma'lumotnoma talab qilinadi. Shu bilan birga, ota-onalardan farzandini gepatit A ga qarshi emlash tavsiya etiladi.
Vaktsina olishga qarshi ko'rsatmalar (perinatal holatlar, jarohatlar, infektsion yoki surunkali kasalliklar, avvalgi emlash preparatlariga reaktsiyalar yoki asoratlar, dori vositalariga va oziq-ovqatlarga allergik reaktsiyalar) bo'lsa, reabilitasiya va sog'lomlashtirish jarayonlaridan so'ng emlash tadbirlari o'tkaziladi.
Agar bolada tserebral falaj, talvasa va epilepsiya sindromi hamda ruhiy xastaliklar aniqlansa, ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim muassasasiga joylashtirish tavsiya qilinadi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
