Travmatologiya va ortopediya: murakkab jarrohlik operasiyalari tumanlar darajasida o'tkazilmoqda
2025-01-18 09:05:00 / Yangiliklar

Bu borada travmatologiya va ortopediya sohasida erishilayotgan yutuqlar ham salmoqli.
— O'tgan yil davomida muassasamizning hududiy filiallari orqali 6 ming nafardan ziyod bemorlarga tibbiy yordam ko'rsatildi, 350 dan ziyod operasiyalar o'tkazildi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov.
— Viloyatlarda 22 turdagi, tuman shifoxonalarida 5 turdagi yangi davolash va diagnostika usullari amaliyotga tatbiq etildi. Natijada 2024 yilda markazimizga to'g'ridan-to'g'ri murojaatlar soni 2 barobar kamaydi.
Shuningdek, faqat muassasamizda bajarib kelingan suyaklar tunnelizasiyasi va trombositlar bilan boyitilgan plazma yuborish, tizza bo'g'imi diagnostik artroskopiyasi, medial meniskektomiya, tug'ma maymoqlikda perkutan axillotomiya, axilloplastika va paylar transpozisiyasi, chanoq-son va tizza bo'g'imlarini Total endoprotezlash kabi qator yuqori texnologik amaliyotlar ilk bor tuman (shahar)lar darajasida bajarildi.
Birlamchi tizimda bolalarda son tug'ma chiqishi va displaziyasini erta aniqlash va davolash tizimini joriy etish maqsadida joylarda sayyor o'quvlar va mahorat darslari tashkil etildi.
Bundan tashqari, Nukus shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston travmatolog-ortopedlarining ilmiy-amaliy anjumani doirasida Qoraqalpog'iston Respublikasi ko'p tarmoqli tibbiyot markazida ortopedik nuqsoni bo'lgan 58 nafar og'ir bemorda xorijiy mutaxassislar ishtirokida murakkab jarrohlik operasiyalari bajarildi.
Teletibbiyot yo'nalishida ham salmoqli natijalarga erishyapmiz. Jumladan, o'tgan yili hududlar bilan xuddi shu usulda 191 ta tibbiy maslahat, 42 ta konsilium va 62 ta namoyish amaliyotlari o'tkazildi.
Bu orqali ko'plab bemorlarga yashash joyining o'zida turib malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatdan samarali foydalanish va salomatligini tiklash imkoniyati yaratildi.
Joriy yilda bu yo'nalishdagi amaliy chora-tadbirlar ko'lamini yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
