"DOKTOR HAUS" — TIBBIYOT XODIMLARINING SEVIMLI SERIALI
2024-11-12 09:20:00 / Yangiliklar

2004 yili yaratilgan, amerikalik kinoijodkorlar tomonidan sakkiz yil davomida suratga olingan, sakkiz mavsumdan iborat tibbiy drama — "doktor Haus" seriali voqealari Priston universitetida joylashgan Frist klinik markazida bo'lib o'tadi.
Shifokorning farzandi gavdalantirgan obraz
Qo'pol, o'zidan boshqa hech kimni tan olmaydigan, bemorlardan ko'ra ularning kasalligi bilan yaxshiroq chiqishadigan daho! Bu obrazni jonlantirgan Xyu Lori Britaniya dramaturgiyasiga qo'shgan hissasi uchun Britaniya imperiyasi ofitseri ordeniga sazovor bo'lgan. U ijtimoiy antropologiya yo'nalishida tahsil olgan. Shuningdek, professional sport bilan ham shug'ullanadi.
Xyu Lorining otasi — shifokor. Aktyor o'z otasini parodiya qilgani uchungina katta miqdorda gonorar olishidan uyalganini yashirmagan. Kasting paytida ham Lori ikkinchi darajali rol o'ynayman, deb o'ylagan. Dastlab u doktor Haus kabi bema'ni va xudbin odam qanday qilib bosh qahramon bo'lishi mumkinligini tushunmagan.
Doktor Haus — Sherlok Xolms
Serial muallifi Devid shor Gregor Haus obrazi Artur Konan Doyl asarining qahramoni Sherlok Xolmsga taqlidan yaratilganini ta'kidlaydi.
Shifokor Gregor Haus va detektiv Sherlok Xolms o'rtasidagi o'xshashliklarni butun serial davomida ko'rish mumkin. Bu teleserial syujetining turli elementlarida kuzatiladi. Hausning kasallik jumbog'i echimiga psixologik yondashuvi, qiziqarsiz, deb bilgan ishlarga qo'l urmasligini, muammolarga esa sovuqqonlik, shu bilan birga hazilomuz yondashuvida shu taqlidning izlarini ko'ramiz. Ikki qahramon ham o'z ishida "pixini yorgan"lardan. Gapga usta, yuksak intellekt sohiblari.
Hausning uy manzili 221-B xonadon, Konan Doyl asarida Xolmsning manzili ham shunday bo'lgan. Yana Haus bilan Xolmsning o'xshashlik taraflariga musiqani ham kiritish mumkin: Xolms skripka, Haus pianino va gitara chaladi.
Hausning doktor Jeyms Uilson bilan do'stligi Xolmsning birodari doktor jon Vatsonga ishora qiladi. Uilson rolini ijro etuvchi Robert shon Leonard avvaliga uning qahramoni va Haus teleserialda Sherlok Xolms va doktor Vatson rollarini o'ynashi kerak ekanini aytgan ekan, ammo Vatsonning "maslahatchilik" pozisiyasi Hausning jamoasiga "yuklanadi".
"Jarrohlik amaliyotlari bo'yicha qo'llanma"
Teleserialda turli xil personajlar Sherlok Xolms haqidagi asar qahramonlarining ismi bilan ataladi. Ikkinchi mavsumdagi seriyalardan birida Haus "Moriarti" ismli aqlini yo'qotgan bosqinchi tomonidan jarohatlanadi. Shuningdek, birinchi qismdagi asosiy bemorning ismi — Rebeka Adler, bu nom Sherlok Xolmsning ilk hikoyasidagi Iren Adlerning nomidan olingan.
To'rtinchi mavsumning bir qismida Haus sovg'a sifatida "jarrohlik amaliyotlari bo'yicha qo'llanma" kitobini oladi. Bu kitob Sherlok Xolmsning prototipi bo'lgan Jozef Bell tomonidan yozilgan.
"Hamma yolg'on gapiradi"
Hausning afsonaviy "hamma yolg'on gapiradi" jumlasi boshqa serialdan olingan. Bu gap ilk bor "klinika" filmida doktor bob Kelso nomidan aytiladi. Serialda MRT apparati ko'pincha "yolg'on detektori" sifatida ishlatiladi. Ushbu uskuna haqiqatan ham yolg'onchini fosh qilishga yordam beradi — Real vaqtda tomografiya miya faoliyatidagi o'zgarishlarni qayd etadi.
"Doktor Haus" teleseriali shu paytga qadar etmishga yaqin mamlakatda namoyish qilingan. 2008 yil dunyo bo'yicha eng ko'p ko'rilgan televizion film sifatida tan olingan. Shu ko'rsatkich bo'yicha "Ginnes rekordlari" kitobiga ham kiritilgan. Besh marta "Emmi", ikki marta "Oltin globus" hamda "Pibodi" mukofotlari bilan taqdirlangan.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
