Nikohlanuvchilar qanday tibbiy ko'riklardan o'tishi kerak?
2024-07-22 10:40:00 / Yangiliklar
To'yning yoqimli tashvishlari sirasida bo'lg'usi juftlikning bunday yumush bilan mashg'ul bo'lishi ba'zida birmuncha ortiqcha ishdek bo'lib tuyulsa-da, bu — oila kelajagi uchun qo'yilgan muhim tamal toshidir. Shu bois quyida tibbiy ko'rikdan o'tish hajmi va tartibi haqida batafsil ma'lumot berib o'tmoqchimiz.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, bo'lg'usi kelin-kuyovlar bepul tibbiy ko'rikdan o'tkaziladi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad – sog'lom oilani shakllantirish, irsiyatga bog'liq va tug'ma kasalliklarga chalingan bolalar tug'ilishining oldini olishdir. 50 yoshgacha bo'lgan barcha nikohlanuvchilar turmush qurishdan avval tibbiy ko'rikdan o'tishi shart. Uning xulosasiga qarab, bo'lajak oila vakillari kelajak uchun qaror qabul qilishadi.
1-qadam. Nikohlanuvchi shaxslar yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nikohni qayd etish uchun ariza beradilar. Shundan so'ng, yuborilgan arizani FHDYO organlari ko'rib chiqib, bo'lg'usi juftlikka tibbiy ko'rikdan o'tish uchun qog'oz shaklidagi yo'llanmani taqdim etadi.
2-qadam. Yoshlar doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyidagi tuman (shahar) ko'p tarmoqli Markaziy poliklinikalarida bepul dispanserizasiyadan, ya'ni kardiolog, endokrinolog, revmatolog, urolog mutaxassislari jalb qilingan holda nikoh oldi tibbiy ko'rigidan va qo'shimcha UTT, EKG, o'pkaning rentgen yoki flyurografiya tekshiruvidan o'tadi. Shuningdek, umumiy qon tahlili, qondagi qand miqdori aniqlanadi, RW va OIV/OITSga tekshiruv uchun qon topshiriladi.
Tibbiy ko'rik jarayonida genetik tekshiruvlarga zarurat bo'lganda, yoshlarning o'zaro kelishuvi asosida ular pullik asosda amalga oshirilishi mumkin.
3-qadam. Nikohlanuvchilar ruhiy, narkologik, tanosil, sil kasalliklari bo'yicha tuman dispanserlarida tibbiy ko'rikdan o'tadilar. Ushbu kasalliklar inson va nasl uchun xavfli bo'lib, tibbiy tekshiruvdan o'tish orqali kelajak avlodning sog'lom dunyoga kelishiga zamin yaratiladi.
4-qadam. Ko'rik natijalari to'g'risida tibbiyot muassasasining xulosasi ma'lumotnomada aks ettiriladi. Ma'lumotnoma tibbiyot muassasasining muhri va rahbarining imzosi bilan tasdiqlanib, nikohlanuvchilarga beriladi. Tibbiyot muassasasining mas'ul xodimi ma'lumotnomani taqdim etayotganida nikohlanuvchi shaxsga aniqlangan kasalliklarning nikoh tuzilgandan keyin yuzaga keltirishi mumkin bo'lgan oqibatlarini tushuntiradi.
Ma'lumotnomaning amal qilish muddati — uch oy.
Muhimi, tibbiy ko'rikdan o'tish muddati nikohlanuvchi shaxslar tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan kundan boshlab ikki haftadan oshmasligi kerak.
5-qadam. Nikohlanuvchi shaxslarda tekshirish natijasida darhol davolash kursidan o'tishni talab etuvchi kasalliklar aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda tegishli davolash muassasalariga yo'naltiriladi.
6-qadam. Bo'lajak oila vakillari nikoh qayd etilgunga qadar ikkinchi tomonni tibbiy tekshirish natijalaridan xabardor qilishi shart.
FHDYO organlari nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko'rikdan o'tganligiga hamda ushbu tekshiruvlarning natijalari to'g'risida ikki tomonning xabardor ekanligiga ishonch hosil qilgandan so'nggina nikoh qayd etiladi.
Nikohlanuvchi yashash joyidagi davolash-maslahat komissiyasining xulosasiga rozi bo'lmagan taqdirda takroriy tibbiy ko'rik viloyat va respublika muassasalarida o'tkaziladi.
Tan joni sog', farzandlari sog'lom insonning ko'ngli xotirjam bo'ladi. Xotirjam ko'ngilga esa orzu-havas, to'y-hasham, shodligu quvonch yarashadi. Buning uchun esa insonda o'z taqdiriga mas'ullik hissi bo'lishi kerak. Barcha yoshlarga ushbu 6 qadamdan muvaffaqiyatli o'tib, havas qilgudek baxtli oila qurish nasib etsin!
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.