Imtihonsiz grant asosida talabalikka tavsiya etish bo'yicha tartib belgilandi
2024-06-01 09:40:00 / Yangiliklar

Alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun asos bo'luvchi imtiyozga ega abiturientlar (nogironligi bo'lgan shaxslar hamda "Mehribonlik" uylari, bolalar shaharchalari, SOS — bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylarining bitiruvchilari bo'lgan etim bolalar, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yigirma besh yoshga to'lmagan etim bolalar bundan mustasno) ular uchun ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida, tanlagan birinchi bakalavriat ta'lim yo'nalishi bo'yicha tanlovda ishtirok etadi.
Alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda qatnashib, talabalikka tavsiya etilmagan abiturientlar ro'yxatdan o'tishda tanlangan bakalavriat ta'lim yo'nalishlari bo'yicha umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi.
Xalqaro sport musobaqalari g'oliblari jismoniy tarbiya va sport sohasidagi bakalavriat ta'lim yo'nalishlariga sport turlarining soha bo'yicha mos kelishiga qat'iy rioya qilingan holda imtihonsiz qo'shimcha davlat granti asosida o'qishga qabul qilinadi.
Imtiyoz bilan davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan Abiturientga ushbu imtiyozdan takroran foydalanishga ruxsat etilmaydi.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta'lim to'lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi, shuningdek, oliy ta'limning tegishli bosqichiga davlat granti asosida o'qishga qabul qilingan talabaga ikkinchi marta ta'limning ushbu bosqichi uchun davlat granti ajratilmaydi.
Oliy ta'lim muassasalari, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta'lim muassasalari hamda harbiy-akademik liseylarga o'qishga kirishda imtiyozga ega bo'lgan abiturientlarning yagona bazasi har yili 1 iyunga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus axborot tizimiga kiritish orqali shakllantirib boriladi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
