Alkogolning bir tomchisi ham zarar!
AXBOROT BYULLETENI
Alkogolning bir tomchisi ham zarar!
ASOSIY MA'LUMOTLAR
Alkogol yoki alkogolli ichimliklar tarkibida qaramlikni keltirib chiqaruvchi ruhiy faol va zaharli modda - etanol mavjud.
Alkogolni iste'mol qilishning xavfsiz shakli va darajasi yo'q. Uni eng kam miqdorda iste'mol qilish ham muayyan xavflar bilan bog'liq bo'lib, zarar etkazishi mumkin.
2019 yilda butun dunyoda alkogolni iste'mol qilishdan salkam 2,6 million kishi vafot etgan. Shundan, 1,6 million o'lim holati yuqumli bo'lmagan kasalliklar,
700 000 holatlar - jarohatlar bilan hamda 300 000 holatlar - yuqumli kasalliklar bilan bog'liq.
Alkogol bilan bog'liq o'lim ko'rsatkichi erkaklar orasida eng yuqori bo'lgan: 2019 yilda bu 2 million o'lim holatini tashkil qilgan, ayollar orasida esa 600 000 o'lim holati qayd etilgan.
Alkogolni iste'mol qilish yoshlarga salbiy ta'sir ko'rsatadi: 2019 yilda dunyo bo'yicha alkogol bilan bog'liq o'limning eng yuqori ulushi (13 foizi) 20-39 yosh guruhida qayd etilgan.
2019 yilda alkogol iste'mol qilish erkaklar orasida barcha o'limning 6,7 foizini, ayollar orasida barcha o'limning 2,4 foizini tashkil etgan.
400 million kishi (yoki 15 yosh va undan katta dunyo aholisining 7 foizi) alkogol iste'mol qilish bilan bog'liq kasalliklardan aziyat chekadi. Ulardan 209 million kishi (dunyo bo'yicha katta yoshdagi aholining 3,7 foizi) alkogolga qaramlikka chalingan.
Garchi alkogolni oz miqdorda iste'mol qilish sog'liq uchun xavf tug'dirsada, eng katta zararni alkogolni onda-sonda (epizodik) yoki muntazam suiiste'mol qilganda etkazadi.
Alkogolga qarshi kurashning samarali choralari mavjud bo'lib, yanada kengroq ko'lamlarda qo'llanilishi kerak, ammo bunda insonlar alkogol iste'mol qilish bilan bog'liq xavflar haqida bilishi hamda uning zararli ta'siridan mustaqil himoyalanishi kerak.[[1],[2]]
Mahsulot turi emas, uning tarkibidagi alkogol zararli. Alkogol yoki alkogolli ichimliklar tarkibidagi ruhiy faol va zaharli bo'lgan etil spirti qaramlik keltirib chiqaradi.
Saratonni o'rganish bo'yicha xalqaro agentlik (mair) alkogolni kantserogen (saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi) moddalarning 1 - guruhiga kiritgan. Bu guruhga eng xavfli omillar – tamaki, asbest, radiasiya kiradi.
Alkogol inson organizmida moddalar parchalanishi bilan bog'liq biologik jarayonlar orqali rakni keltirib chiqaradi. Bu xususiyat uning qanday turiga (kam quvvatli yoki kuchli) va sifatiga bog'liq emas.
Evropa mintaqasida alkogolni iste'mol qilish bilan bog'liq bo'lgan saraton kasalligining yarmi alkogolni "ozgina" yoki "o'rtacha" miqdorda iste'mol qilish bilan bog'liq bo'lgan.[2]
Sog'liq uchun zarar alkogolning birinchi tomchisidanoq boshlanadi. Alkogolning sog'liq uchun xavfsiz darajasi mavjud emas. Alkogolning qancha yoki uning qaysi turini (kam quvvatli yoki kuchli) iste'mol qilishning ahamiyati yo'q: sog'liq uchun zarar alkogolning birinchi tomchisidanoq boshlanadi.[2]
Alkogolni "ozgina" yoki "o'rtacha" miqdorda iste'mol qilish bilan bog'liq yurak-tomir kasalliklari va qandli diabet 2 turi kamayishining foydasi xuddi shunday miqdordagi alkogol iste'mol qilish bilan bog'liq saraton kasalliklari rivojlanish xavfidan ko'ra ustunligini isbotlangan ma'lumotlar yo'q.[2]
Alkogol mahsulotlari iste'mol qilish darajasi. 2010-2019 yillar mobaynida alkogolni iste'mol qilish darajasi dunyo bo'yicha aholi jon boshiga (15 va undan katta yoshdagi) nisbatan bir oz kamaygan (2010 yilda 6,1 litrdan 2019 yilda 5,8 litrgacha toza spirt hisobida). JSSTning Evropa mintaqasida alkogol iste'molining eng ko'p - 12% ga (10,8 litrdan 9,5 litrgacha toza spirt hisobida) kamayishi kuzatildi.[[3]]
JSSTning Evropa mintaqasi mamlakatlari orasida O'zbekiston (15 va undan katta yoshdagi aholi jon boshiga 2,6 litr toza spirt hisobida) Tojikiston (15 va undan katta yoshdagi aholi jon boshiga 0,9 litr toza spirt hisobida), Turkiya (15 va undan katta yoshdagi aholi jon boshiga 1,8 litr toza spirt hisobida), Ozarbayjondan (15 va undan katta yoshdagi aholi jon boshiga 2,0 litr toza spirt hisobida) keyin alkogolni eng kam iste'mol qiladigan to'rtinchi mamlakat sirasiga kiradi.[[4]] shu bilan birga, 2010-2019 yillarda O'zbekistonda alkogolni iste'mol qilish darajasi aholi jon boshiga (15 va undan katta yoshdagi) nisbatan 44% ga (1,8 litrdan 2,6 litrgacha toza spirt hisobida) ko'paygan.[[5]]
2019 yilda o'tkazilgan tekshiruv natijasida mamlakatimiz katta yoshdagi (18-69 yosh) aholisining 4,7 foizi, erkaklarning 8,7 foizi (har 11 nafardan 1 nafari), ayollarning 0,8 foizi (ayollar har doim ham alkogol iste'mol qilishlarini tan olavermaydilar) alkogol iste'mol qilishi aniqlandi. Bunda alkogol iste'mol qiladigan 45-69 yoshdagi erkaklarning ulushi (13,6 foiz) 18-29 yoshdagi erkaklarga (4,4 foiz) nisbatan 3 barobar ko'pligi qayd etildi. Shuningdek, aholining aksariyat qismi (82,4 foiz) - erkaklarning 69,1 foizi, ayollarning - 95,2 foizi butun hayoti davomida alkogolni iste'mol qilmaganligi aniqlandi.[[6]]
Alkogol iste'mol qilinishining aholi salomatligiga ta'siri. Alkogol iste'mol qilish 200 dan ortiq kasalliklar, jarohatlar hamda sog'liqning boshqa buzilishlariga sababchi bo'ladi. Ruhiy va xulq-atvor buzilishlari (depressiya, bezovtalik), alkogolga qaramlik, og'ir yuqumli bo'lmagan kasalliklar, shu jumladan jigar tsirrozi, saratonning kamida etti xil turi, shu jumladan eng ko'p tarqalgan yo'g'on ichak, ko'krak bezi saratoni, yurak-tomir kasalliklari kabi sog'liq bilan bog'liq muammolarning rivojlanish xavfi alkogol iste'mol qilish bilan bog'liq.[1]
Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining baholashiga ko'ra, 2019 yilda dunyo bo'yicha:
yurak-tomir kasalliklaridan 474 ming ta o'lim holati;
saratondan 401 ming o'lim holati va aniqlangan saratonning 4,4 foizi aynan alkogol iste'mol qilish bilan bog'liq bo'lgan.
Alkogol iste'mol qilish bilan bilan bog'liq o'lim ko'rsatkichlari sil, OITS va qandli diabet kabi kasalliklari tufayli o'lim ko'rsatkichlaridan ko'ra ko'proq. [1] alkogolni iste'mol qilish bilan sil va OIV kabi yuqumli kasalliklar kechishi o'rtasida sabab-oqibat aloqasi aniqlangan.[1]
Bundan tashqari, alkogol iste'mol qilish nafaqat uni iste'mol qilayotgan odamga, balki uning atrofidagilarga ham katta zarar etkazadi. Alkogol bilan bog'liq kasalliklar yukining salmoqli qismi jarohatlanish, masalan, yo'l-transport hodisalari natijasida yuzaga keladi.
2019 yilda dunyo bo'yicha alkogol iste'mol qilish bilan bog'liq yo'l-transport hodisasining 298 ming o'limdan 156 ming o'lim boshqa birorta shaxs tomonidan alkogol iste'mol qilish bilan bog'liq bo'lgan.[1]
Homiladorlik davrida alkogol iste'mol qilish bolaning alkogol spektridagi fetal buzilishlar bilan tug'ilishi xavfini oshiradi, ularning eng og'iri fetal alkogol sindromi - jismoniy va asab-ruhiy rivojlanishda qoloqlik, aqliy zaiflik, tug'ma yurak nuqsonlar, skeletning noto'g'ri rivojlanishi kabi buzilishlar bilan bog'liq.
Uzoq muddatli istiqbolda alkogol iste'mol qilish ijtimoiy muammolarga, shu jumladan oilaviy nizolar, ishdagi muammolar, moliyaviy qiyinchiliklar va ishsizlikka olib kelishi mumkin.
O'zbekistonda alkogol iste'moli bilan bog'liq barvaqt o'lim ko'proq erkaklar orasida uchraydi, chunki ular orasida ayollarga nisbatan alkogolni iste'mol qilish qo'lami bir necha barobar ko'p. Xususan, jigar va jigar ichi o't yo'llari xavfli o'smalari keltirib chiqargan o'lim holatlari 30-69 yoshdagi erkaklarda shu yoshdagi ayollarga nisbatan o'rtacha 1,6 marta, alkogol sababli jigar kasalligi keltirib chiqargan o'lim holati esa o'rtacha 5 martadan ko'proq yuz bergan.[[7]]
Bu ma'lumotlar alkogol iste'mol qilish aholi salomatligiga jiddiy salbiy ta'sir ko'rsatishidan dalolat beradi, bu esa kasallik va nogironliklar, barvaqt o'limlar sonining ortishida aks etadi.
Boshqa oqibatlar. Aholi salomatligiga ta'sir ko'rsatishdan tashqari alkogol mahsulotlarini iste'mol qilish boshqa oqibatlarga ham olib keladi.
2016 yilda Evropa Ittifoqi mamlakatlarida yo'l-transport hodisalari keltirib chiqargan o'lim holatlarining 42 foizi va jarohatlar tufayli yuz bergan o'lim holatlarining 23 foizi alkogol bilan bog'liq bo'lgan. Bunda 15 yoshdan 19 yoshgacha bo'lgan odamlar orasida shu davrda yuz bergan o'lim holatlarining har beshinchisining sababchisi alkogol iste'mol qilish bilan bog'liq.[[8]]
2021 yilda respublikamizda yo'l-transport hodisalarining 1,3 foizi (135 ta) mast holatda yuz bergan va natijada 63 nafar odam barvaqt hayotdan ko'z yumgan
va 119 nafar odam turli og'irlikdagi jarohatlar olgan.[[9]]
Bundan tashqari, 2021 yilda mast holatda 85 ta yong'in sodir etilgan. Buning oqibatida 7 nafar odam hayotdan barvaqt ko'z yumgan va 8 nafar odam turli og'irlikdagi tan jarohatini olgan, 1 mlrd 671 mln so'm zarar ko'rilgan.[[10]]
Iqtisodiyotga ta'siri. Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining iqtisodiy baholashiga ko'ra, 2016 yilda O'zbekistonning yuqumli bo'lmagan kasalliklarni davolash uchun xarajatlari (2,1 trln.so'm) faqat aysbergning cho'qqisi ekanligini ko'rsatdi: mehnat unumdorligining pasayishi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlikdan yo'qotishlar, ishda yuzaki ishtirok etish va barvaqt o'lim bilan bog'liq bo'lgan yashirin yo'qotishlar yuqoridagi xarajatlardan 3,5 marta ortiq va 7,3 trln so'mni tashkil qiladi. Umuman olganda, yuqumli bo'lmagan kasalliklarning O'zbekiston iqtisodiyotiga keltirayotgan umumiy zarari 9,3 trln so'mni tashkil qiladi, bu esa mamlakat yalpi ichki mahsulotining 4,7 foiziga teng.[[11]]
Agar mast holatda sodir etilgan yo'l-transport hodisalari, yong'inlar
va jarohatlar, ushbu falokatlar tufayli yuz bergan barvaqt o'limlarning iqtisodiy zarari, uy xo'jaliklarining alkogol va tamaki sotib olishga xarajatlari kabi ko'rsatkichlarni hisobga olish imkoniyatiga ega bo'lganida edi, yuqoridagi raqamlar ancha yuqori bo'lar edi.
Ijtimoiy-iqtisodiy foyda. Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining baholashiga ko'ra, O'zbekistonda alkogol iste'mol qilishni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar iqtisodiy foydali hisoblanadi. Bunda sarmoya qilingan har bir so'm uchun 15 yillik davrda 1,9 so'm foyda keladi. [11]
Har qanday sharoitda ham alkogol iste'molini kamaytirish bo'yicha yanada keskinroq chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida olinadigan foyda iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan manfaatli.
Alkogol iste'mol qilinishini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni faollashtirishga da'vatlar. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21fevraldagi 83-son qarori bilan tasdiqlangan "2030 yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar"da:
- 2030 yilgacha aholi o'rtasida yurak-tomir, onkologik, qandli diabet va surunkali respirator kasalliklar tufayli bevaqt o'limni 30 foizga qisqartirish (3.4-vazifa);
- alkogolning zararli iste'mol qilinishini 10 foizga kamaytirish (3.5-vazifa) kabi maqsadlar belgilangan.[ ]
Bu maqsadlarga erishish uchun esa Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari va ilg'or jahon tajribasidan kelib chiqqan holda yanada keskinroq chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Alkogol iste'molini kamaytirish strategiyasi
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti hamkorlar bilan SAFER tashabbusini amalga oshirmoqda. SAFER tashabbusi hukumatlarga alkogol iste'molini qisqartirish va insonlar hayotini saqlab qolish uchun ilmiy asoslangan aniq kompleks chora-tadbirlarni joriy etish yo'li bilan ushbu muammoni hal qilish mumkingligini ko'rsatdi.[ ]
SAFER quyidagilarni anglatadi:
• Strengthen - alkogol xarid qilish imkoniyatini cheklash.
• Advance - mast holatda avtomobil haydashga qarshi kurashish choralarini ilgari surish va qo'llash.
• Facilitate - skrining, qisqa aralashuvlar va davolanish imkoniyatini kengaytirish.
• Enforce - alkogol reklamasi, unga homiylik va targ'ib qilishni taqiqlash va keng qamrovli cheklovlarni qo'llash.
• Raise - aktsizlar va narx siyosati yordamida alkogol narxlarini oshirish.[ ]
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati
[1] alkogol. Informasionniy byulleten voz. Osnovnie fakti. 28 iyunya 2024 g. https://www.who.int/ru/news-room/fact-sheets/detail/alcohol.
[2] Bezopasnogo dlya zdorovya urovnya upotrebleniya alkogolya ne sutshestvuet. 4 yanvarya 2023 g. Evropeyskiy Regionalnoe byuro voz. https://www.who.int/europe/ru/news/item/04-01-2023-no-level-of-alcohol-consumption-is-safe-for-our-health.
[3] uskorenie mer po sokratsheniyu vrednogo upotrebleniya alkogolya. Semdesyat Pervaya sessiya Evropeyskogo regionalnogo komiteta (EUR/RC71/INF./6(E). 31 avgusta 2021 g. https://apps.who.int/iris/bitstream/handle/10665/344587/71id06r-E-Alcohol-210920.pdf?sequence=1&isAllowed=y
[4]alkogol, zdorove i otvetnie meri politiki v Evropeyskom Regione voz. Vsemirnaya organizasiya zdravooxraneniya, 15 oktyabrya 2024 g. https://www.who.int/europe/ru/publications/m/item/alcohol--health-and-policy-response-in-the-who-european-region-in-2019.
[5] Evropeyskaya Ekonomicheskaya komissiya OON. Panel dannix sur. https://w3.unece.org/SDG/ru/Indicator?id=101
[6] proekt "Sovershenstvovanie sistemi zdravooxraneniya (Zdorove-3)" Ministerstva zdravooxraneniya i Vsemirnogo banka, Vsemirnaya organizasiya zdravooxraneniya, 2022 g. "Rasprostranennost faktorov riska neinfektsionnix zabolevaniy v Respublike Uzbekistan" (STEPS voz, 2019 g.). Tashkent, Uzbekistan. https://ssv.uz/ru/documentation/rasprostranennost-faktorov-riska-neinfektsionnyh-zabolevanij-v-respublike-uzbekistan.
[7] O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasining ma'lumotlari asosida O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining hisob-kitoblari (2018 y.07.10.dagi 01/2-02-17/2-185-sonli xat).
[8] Alcohol consumption, harm and policy response fact sheets for 30 European countries. World Health Organization 2018. http://www.euro.who.int/__data/assets/pdf_file/0005/393107/achp-fs-eng.pdf?ua=1.
[9] O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi (2022 yil 29 avgustdagi xat).
[10] O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi ichki ishlar vazirligi yo'l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (2022 yil 8 sentyabrdagi xat).
[11] profilaktika neinfektsionnix zabolevaniy i borba s nimi v Uzbekistane. Argumenti v polzu investirovaniya. Podgotovleno dlya Ministerstva zdravooxraneniya Uzbekistana Evropeyskim regionalnim byuro voz i Programmoy razvitiya OON. Voz 2018 g. https://apps.who.int/iris/handle/10665/362355.
[12] O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 83-son "2030 yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori. https://lex.uz/docs/5870397
[13] Globalniy plan deystviy po borbe s alkogolem na 2022-2030 godi. Vsemirnaya organizasiya zdravooxraneniya, 2024 g. https://www.who.int/ru/publications/i/item/9789240090101.
[14] Inisiativa SAFER: sdelat Evropeyskiy region voz bolee bezopasnim. Uspexi v realizasii politiki v otnoshenii kontrolya nad alkogolnoy produktsiey, 2010-2019 gg. Vsemirnaya organizasiya zdravooxraneniya. Evropeyskoe Regionalnoe byuro, 2021. https://iris.who.int/handle/10665/340776.
Qo'shimcha ma'lumot uchun Sog'liqni saqlash vazirligining Sog'liqni saqlash va strategik rivojlanish institutiga murojaat qiling, tel. 78-150-84-04.
avgust 2025 yil.
