Bachadon bo‘yni saratoni nima?
Bachadon bo‘yni saratoni — bu bachadon pastki qismida (bachadon bo‘yni) rivojlanadigan xavfli o‘sma. Kasallikning asosiy sababi inson papilloma virusining (IPV) uzoq muddat davomida organizmda mavjudligi hisoblanadi. Bu ayollar orasida eng keng tarqalgan onkologik kasalliklardan biri bo‘lib, zamonaviy diagnostika usullari tufayli uni erta bosqichda aniqlash va muvaffaqiyatli davolash mumkin.

Bachadon bo‘yni saratoni rivojlanish xavfini oshiruvchi omillar:
- Inson papilloma virusi (IPV) bilan infektsiyalanganlik holati.
- Erta jinsiy hayot boshlanishi (18 yoshgacha).
- Ko‘plab jinsiy sheriklarning mavjudligi.
- Chekish.
Bachadon bo‘yni saratoni belgilari:
Kasallikning dastlabki bosqichlarida hech qanday alomat bo‘lmasligi mumkin, shuning uchun profilaktik tekshiruvlar juda muhim. Kasallik rivojlangan sari quyidagi belgilar paydo bo‘lishi mumkin:
- Hayz davridan tashqari, jinsiy aloqadan keyin yoki menopauzadan so‘ng qon ketishi.
- Qorin pastida yoki tos sohasida og‘riq.
- Jinsiy aloqa vaqtida noqulaylik yoki og‘riq.
- Uzoq va kuchli hayz ko‘rish.
- Yo‘qimsiz hidga ega ajralmalar.
- Oyoqlarning shishishi (kech bosqichlarda).
Agar siz ushbu belgilardan bir yoki bir nechtasini sezsangiz, shifokorga murojaat qiling. Ammo, bu belgilarning paydo bo‘lishi har doim saraton mavjudligini anglatmaydi..
Erta tashxisning ahamiyati:
|
Erta tashxis |
Kech tashxis |
|
To‘liq sog‘ayish imkoniyati yuqori |
Asoratlar va o‘lim xavfi yuqori |
|
O‘sma faqat bachadon bo‘ynida bo‘ladi |
O‘sma boshqa organlarga tarqaladi |
|
Oson va kam invaziv davolash |
Uzoq va murakkab davolash |
|
Davolanish xarajatlari past |
Qimmat davolash xarajatlari. |
Profilaktika va tashxis
Ginekologik ko‘rik
Muntazam ravishda shifokor qabuliga borish natijasida xavfli o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash mumkin. Barcha ayollarga kamida 1 yilda 1 marotaba ginekolog profilaktik ko’rigidan o’tishi tavsiya etiladi.
Birlamchi profilaktika – IPVga qarshi emlashni o’z ichiga oladi. Odatda emlash jinsiy hayot boshlanishidan oldin tavsiya etiladi. Bachadon bo‘yni saratoni rivojlanishiga sabab bo‘ladigan virusdan himoyalanish uchun IPVga qarshi emlash muhimdir.
IPVga qarshi emlash 9–14 yoshdagi qizlar va o‘g‘il bolalar uchun tavsiya etiladi. Agar inson ilgari emlanmagan bo‘lsa, 26 yoshgacha emlanishi mumkin.
Ikkilamchi profilaktika – saratonni erta bosqichda aniqlash maqsadida skrining tekshiruvlaridan o‘tish nazarda tutiladi. Skrining sog’lom ayollar orasida o’tkazilib, skrining usullariga IPV-test kiradi. IPV-test 30 yoshdan 55 yoshgacha har 5-10 yilda amalga oshiriladi.
IPV testi nima?
IPV testi yoki IPV skriningi inson papillo mavirusining mavjudligi va turlarini, xususan, bachadon bo'yni saratoni xavfi ortishi bilan bog'liq shtammlarni aniqlaydigan laboratoriya tekshiruvidir. IPVning 150 dan ortiq shtammlari (yoki genotiplari) ma'lum. Ularning orasida 14 ta shtamm onkogen hisoblanadi, ya'ni saratonni keltirib chiqaradi.
IPV testi qanday o'tkaziladi?
1. Namuna yig'ish - shifokor ginekologik tekshiruv vaqtida maxsus mo‘yqalam yoki shpatel yordamida bachadon bo’ynidan hujayralar namunasini oladi. Jarayon og'riqsizdir.
2. Laboratoriya tekshiruvi - olingan namuna virusning mavjudligi va turini aniqlash uchun PZR (polimeraza zanjiri reaktsiyasi) yoki Dezoksiribonuklein kislota (DNK) testi yordamida tahlil qilinadi.
Nima uchun IPV-testdan o'tish muhim?
• Bachadon bo'yni saratoniga olib kelishi mumkin bo'lgan virusning yuqori onkogen shtammlarini aniqlash imkonini beradi.
• Keyingi monitoring va/yoki davolanish zarurligini aniqlashga yordam beradi.
• Pap testi bilan birga amalga oshirilsa, u saraton oldi o'zgarishlarni aniqlashda sezilarli darajada yuqori aniqlikni ta'minlaydi
• IPV testi o'z vaqtida saraton havfini aniqlash va jiddiy kasallikning rivojlanishining oldini olish imkonini beruvchi muhim profilaktika vositasidir.
Pap testi nima?
Pap testi (Papanicolaou testi, yoki sitologik tekshiruvi) bachadon bo'yni saratoni uchun skrining usuli, saraton oldi o'zgarishlarni ko'rsatuvchi nosog’lom hujayralarni aniqlash imkonini beradi.
IPV testi skrining uchun ishlatilmaydigan mamlakatlarda Pap testi skrining usuli hisoblanadi. O‘zbekistonda IPV-testi ijobiy bo‘lgan ayollarga Pap testi o‘tkaziladi.
Pap testi qanday o'tkaziladi?
1. Ginekologik tekshiruv vaqtida shifokor maxsus moʻyqalam yoki shpatel yordamida bachadon bo'yni sirtidan namuna oladi.
2. Olingan namuna shishaga surtiladi yoki suyuq muhitga joylashtiriladi va mikroskopik tekshirish uchun laboratoriyaga yuboriladi.
3. Laboratoriyada tahlil qilinadi.
Pap testi nima uchun muhim?
Ushbu test bachadon bo'yni hujayralarida saratondan oldingi o'zgarishlarni erta bosqichlarda, kasallikni davolash osonroq bo'lganda aniqlashi mumkin. Muntazam ravishda Pap testlarini o'tkazish bachadon bo'yni saratoni rivojlanish xavfini kamaytiradi va muvaffaqiyatli davolanish imkoniyatini oshiradi.
Kolposkopiya va biopsiya nima?
Agar Pap testi bachadon bo'ynidagi nosog’lom hujayralarni ko'rsatsa, shifokoringiz kolposkopiya (kattalashtiruvchi tekshiruv) va biopsiya (tekshirish uchun to'qima namunasini olish) tekshiruviga yo‘llanma berishi mumkin.
Kolposkopiya - bachadon bo'yni kattalashtirish ostida tekshirish va 3-5% sirka kislotasi va Lugol eritmasi yordamida sinamalarni o’tkazish.
Biopsiya - bu patomorfologik tahlil uchun kolposkopiya paytida bachadon bo'yni shubhali joylardan kichik hajmda to'qimalarni olish. Ushbu usul tashxis qo'yish uchun ishlatiladi.
Ushbu testlardan biron bir xavf yoki nojo’ya ta'sir bormi?
IPV testi, Pap testlari va ginekologik tekshirish odatda xavfsiz muolajalar hisoblanadi, ammo ba'zi ayollar biroz noqulaylik yoki kichik nojo'ya ta'sirlarni boshdan kechirishi mumkin.
Ehtimolli xavflar va nojo’ya ta'sirlar:
1. IPV va Pap testlari
Xavfsiz, lekin quyidagilarga olib kelishi mumkin:
• Namuna yig'ish paytida kichik noqulaylik.
• Muolajadan keyin biroz qon kelishi- kamdan-kam holatlarda (bu normal holat va tez o'tib ketadi).
• Kamdan kam hollarda - bachadon bo'yni sezgirligi oshish xususiyati, ayniqsa yallig'lanish yoki infektsiya bo'lsa.
• Natijani kutish bilan bog'liq tashvish (agar natija ijobiy bo'lsa, shifokor keyingi qadamlarni tushuntiradi).
Noqulaylikni qanday kamaytirish mumkin?
• Tinchlaning, chuqur va sekin nafas oling.
• Agar ko‘plab noqulayliklar his qilsangiz, shifokoringizga xabar bering.
• Muolajani hayzdan keying muddatga rejalashtiring.
2.Biopsiya bilan kolposkopiya
Xavfsiz, lekin quyidagilarga olib kelishi mumkin:
• Biopsiya olinayotganda og'riq
• Biopsiya jarayonidan keyin biroz qon kelishi (bu normal holat va tez o'tib ketadi).
• Kamdan-kam hollarda biopsiyadan keyin kuchli qon kelishi mumkin. Bu esa shifokorga yana bir bor tashrif buyurishingizni talab qiladi.
• Natijani kutish bilan bog'liq tashvish (agar natija ijobiy bo'lsa, shifokor keyingi qadamlarni tushuntiradi).
Agar o'zgarishlar aniqlansa nima qilish kerak?
Agar tekshiruvda saraton oldi o'zgarishlar aniqlansa, ginekolog kasallik darajasiga qarab davolanishni belgilaydi. Bu kichik jarrohlik muolajalarni o'z ichiga olishi mumkin:
• Bachadon bo'yni zararlangan qismini halqa shaklida jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash.
• Bachadon bo'yni konizatsiyasi.
Agar saraton kasalligiga shubha bo'lsa, shifokor sizni qo'shimcha tekshirish uchun onkologga yuboradi.
Esda tuting:
- Bachadon bo‘yni saratonini profilaktika qilish va oldini olish mumkin — emlash va muntazam skrining tekshiruvlari orqali.
- Kasallikni erta aniqlash to‘liq sog‘ayish imkoniyatini oshiradi.
- Agar bezovta qiluvchi alomatlar paydo bo‘lsa, shifokorga kechiktirmasdan murojaat qiling.
Erta tashxis hayotni saqlab qoladi!
