Bepushtlik haqida xulosa chiqarishga shoshilmang!
SSV matbuot xizmati Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Shaxnoza Zufarova bilan suhbat
— Afsuski, bugungi kunda bepushtlik dardidan aziyat chekayotgan juftliklarimiz ham bor. Tajribali mutaxassis sifatida buning sabablari haqida nimalar deya olasiz?
— Albatta, bepushtlikdan aziyat chekayotgan juftliklarning borligi achinarli holat. Bu muammoning ildizini nafaqat qiz bolalardan, balki o'g'il bolalardan ham qidirishimiz mumkin. Chunki yoshlikda o'tkazgan kasalliklar va ularning asoratlari, o'z vaqtida shifokorga murojaat qilmaslik keyinchalik bepushtlikka sabab bo'lishi mumkin.
Masalan, o'g'il bolalarda o'tkazilgan epid parotit (xalq tilida tepki) kasalligi bo'lsa, qiz bolalarda endokrin va somatik hamda turli yallig'lanish kasalliklari ham bepushtlikka sabab bo'lishi mumkin.
Inson organizmidagi har bir gormonning o'z vazifasi bor. Bulardan farqli ravishda, ayollarda uchraydigan gormon (estrogen) o'z navbatida farzand ko'rish qobiliyatini yuzaga keltiradi va ayol jinsiga monand qomat, xulq-atvor va nafosatni belgilaydi.
Qiz bola organizmida estrogen gormonining kamayib ketishi oqibatida tuxumdon faoliyati susayadi. Bu esa follikulaning o'z vaqtida etilmasligi natijasida hayz tsiklining buzilishi, ko'krak bezi va bachadonning qisqarishiga olib keladi. O'z vaqtida davolanmaslik kelajakda bepushtlikka sabab bo'lishi mumkin.
Estrogen gormonining kamayib ketishi qalqonsimon bez xastaligi bilan ham bog'liq muammolardan biridir. Chunki ushbu a'zo orqali butun tana boshqariladi va u gormonlar faoliyatiga ham mas'ul.
Bu gormonning kamayib ketishi nafaqat ayollarda, balki balog'at yoshidagi qiz bolalar organizmida ham ro'y berishi kuzatiladi.
O'smir yoshdagi qiz bola organizmida gormonal buzilishlar ro'y berishi hayz ko'rish davridan boshlanadi. Hayz tsikli har bir qiz bola organizmida turlicha kechadi.
Ba'zilarda bu 11-12 yoshdan boshlansa, ba'zi qizlarda esa 15 yoshga etganida ham hayz ko'rish kechikishi mumkin. Hayz tsiklining 25-28 kundan oshib ketishi, hayz kunlarining uzayishi va og'riqli kechishi, qovuq ostida og'riq bo'lishi organizmda gormonal buzilishlar ro'y berayotganidan darak beradi.
Qiz bolalarda uchraydigan endokrin, somatik xastaliklar, jinsiy a'zolarda turli yallig'lanishlar kelgusida jiddiy kasalliklar, jumladan bepushtlikni ham yuzaga keltirishi mumkin.
Ammo bir narsani ta'kidlashni istardimki, ko'pchilik bepushtlik to'g'risidagi xulosani juda erta chiqarishadi. Masalan, atigi 5-6 oy yashagan juftliklar ham farzand ko'rolmayapmiz deb kelishadi.
Aslida bir yil davomida hech qanday kontratseptiv vositalarini qo'llamasdan yashagandan so'ng homiladorlik ro'y bermasagina, davo choralarini ko'rishni boshlash mumkin.
— Shunday juftliklarga qanday tavsiyalar berasiz? Ular dastlab qanday tekshiruvlardan o'tishi lozim?
— Kasallikni o'z vaqtida davolash bemorning tezda tuzalishiga turtki bo'ladi.
Shunday ekan:
shifokor-ginekolog huzuriga o'z vaqtida borish;
qalqonsimon bez xastaliklari (shuningdek, bo'qoq) kasalliklarini o'z vaqtida davolash;
jinsiy kasalliklarni o'z vaqtida davolash lozim;
bemorning davolanishi bilan birgalikda to'laqonlik ovqatlanishi, sut mahsulotlari, tuxum, pomidor, qovoq va sabzavotlarni ko'proq iste'mol qilishi zarur. Ushbu mahsulotlar tarkibida foliy kislotasi, jumladan, vitamin C kabi ko'p miqdorda bo'lib, gormonal o'zgarishlarni bir maromda saqlashda yordam beradi.
Jumladan, mosh, loviya, no'xat, soya, guruch, o'rik, kunjut, brokkoli karami va ko'katlar gormonal balansni mo''tadillashtiradi.
Dastlabki tekshiruvlar:
profilaktik tibbiy ko'rik;
ginekolog ko'rigi;
endokrinolog ko'rigi;
terapevt ko'rigi;
ultratovush tekshiruvini tashkil qiladi.
