Ayollarning reproduktiv salomatlik, axborot va ta'lim hamda reproduktiv salomatlik xizmatlaridan foydalanish huquqlari to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi PF-6079-sonli farmoniga asosan aholining reproduktiv salomatligini muhofaza qilish va sog'lom oilani shakllantirish yuzasidan bir qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda targ'ibot, tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Aholi orasida, ayniqsa xotin-qizlar va nikohdan o'tuvchi yoshlar orasida sog'lom oila qurish, sog'lom bolalar tug'ilishi va tarbiyalash masalalari yuzasidan tizimli asosda tushuntirish ishlarini tashkil qilish maqsadida, joylardagi mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda oylik ish rejalariga asasan ish tashkil etildi va ijrosini nazorat qilish bo'yicha amaliy tizim yaratildi.
Xususan, bu yo'nalishda tizimli ish tashkil etish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, tuman, shaharlarda va barcha mahallalarda maxsus jamoatchilik kengashi va ishchi guruhlari tuzildi.
O'zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabr kuni qabul qilingan "xotin-qizlar va erkaklar teng huquq va imkoniyatlari kafolatlari to'g'risida"gi qonuni (O'RQ - 562-son) ning 27-moddasida belgilanganidek, Sog'liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari.
Davlat quyidagilarni kafolatlaydi:
xotin-qizlar va erkaklarning sog'liqni saqlash sohasidagi o'z huquqlarini amalga oshirishga, shu jumladan, malakali tibbiy xizmat ko'rsatilishiga, qulay tibbiy xizmatlardan foydalanishga, oilani rejalashtirishga va reproduktiv salomatlikni himoya qilishga bo'lgan teng imkoniyatlarini;
zarur bo'lgan hollarda, xotin-qizlarning turli ehtiyojarini hisobga olib, ayniqsa, homiladorlik, tug'ish davrida va tug'ishdan keyingi davrda xotin-qizlarga bepul xizmatlar ko'rsatgan, shuningdek homiladorlik va emizish davrida tegishli oziq-ovqat bilan ta'minlagan holda, sog'liqni saqlash sohasidagi strategiya va dasturlarning amalga oshirilishini;
tibbiy ta'lim sohasida reproduktiv salomatlikni mustahkamlashga, jins bo'yicha bevosita va bilvosita kamsitishlarning oldini olishga qaratilgan tashabbuslarni qabul qilishni;
sog'liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar o'rtasidagi tafovutlarni hisobga oluvchi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga kumaklashishni.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasining 2019 yil 11 martdagi "fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to'g'risida" gi Qonunining 3-moddasida "fuqarolarning reproduktiv salomatligi" yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Fuqarolarning reproduktiv salomatligi insonning jismoniy, aqliy va ijtimoiy jihatdan sog'lomligi holati bo'lib, bu holat uning bola tug'ilishiga qodirligini belgilaydigan reproduktiv tizimi, ushbu tizimning funktsiyalari, hayotiy jarayonlari bilan bog'liq bo'ladi.
Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash:
fuqarolarning reproduktiv salomatligi to'g'risida ishonchli va to'liq axborot olishni;
homiladorlikni saqlab yurishni va bolaning asoratlarsiz hamda nuqsonlarsiz tug'ilishini ta'minlaydigan, homiladorlik, tug'ish va tug'ishdan keyingi davrdagi tadbirlar, muolajalar hamda xizmatlarni;
reproduktiv tizim kasalliklarining oldini olishni va ularni davolashni;
jinsiy yo'l bilan o'tadigan kasalliklarning oldini olishni va ularni davolashni;
ehtimoldagi asoratlarning va reproduktiv tizim funktsiyalari buzilishi oqibatlarining oldini olishga ko'maklashgan holda homiladorlikni xavfsiz ravishda sun'iy to'xtatishni;
kontratsepsiya usullari va ulardan foydalanish to'g'risida axborot olishni nazarda tutadi.
Shu qonunning 10-moddasida "fuqarolarning reproduktiv huquqlari" yoritilgan.
Fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:
xavfsiz va samarali reproduktiv texnologiyalardan foydalangan holda o'z farzandlarining tug'ilishi xususida mustaqil ravishda qarorlar qabul qilish;
o'zining reproduktiv salomatligi to'g'risida ishonchli va to'liq axborot olish;
tug'ilishni tartibga solishning xavfsiz usullaridan va kontratsepsiyadan foydalanish;
tibbiy-profilaktika xizmatlaridan foydalanish va sog'liqqa xavf soluvchi vositalardan, shu jumladan ilmiy tajribalar qo'llanilishidan himoyalanish;
o'z reproduktiv huquqlarini amalga oshirish chog'ida tibbiy-ijtimoiy, shuningdek psixologik yordam va axborot olish;
yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish.
Yuridik va jismoniy shaxslar fuqarolarning o'z reproduktiv huquqlarini amalga oshirilishi bilan bog'liq axborotni sir saqlashlari shart.
