Tadbirkorlar va sarmoyadorlar diqqatiga!
29 fevral kuni Toshkent shahrida bo'lib o'tgan DXSH davra suhbatida dastlab e'lon qilinganidek, O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Toshkent tibbiyot akademiyasi hududining 9,8 gektar bo'sh maydonida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qariyb 1 200 o'rinli "ko'p tarmoqli zamonaviy tibbiyot markazi"ni qurish va boshqarish loyihasi (keyingi o'rinlarda – loyiha)ni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Ushbu tibbiyot markazi loyihasi eng yaxshi jaxon standartlari asosida ishlab chiqilib, O'zbekistondagi davolash-sog'lomlashtirish markazlari uchun namuna bo'lishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, loyihaning asosiy maqsadi ixcham, biroq ayni paytda davolash va diagnostika infratuzilmasi jihatidan to'liq ishlaydigan, tibbiy klasterni shakllantirishda Markaziy bo'g'in rolini bajara oladigan tibbiyot muassasasini yaratishdan iborat.
Shu bilan birga it-tarmoq infratuzilmasini eng yangi texnologiyalar va zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar (MRT, KT, angiografiya, raqamli rentgenografiya, UZD, mammograf, densinometriya apparati va boshqalar), yordamchi uskunalar (kir yuvish va oshxona uchun) va dasturiy ta'minot bilan ta'minlash rejalashtirilgan.
O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi tadbirkorlarning loyihani amalga oshirish yuzasidan takliflarini ko'rib chiqib, davlat xususiy sheriklik asosida hamkorlik qilishga taklif etadi.
Xususiy sherik mamlakatdagi o'sib borayotgan bozordan manfaat ko'radi hamda mamlakatda amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalaridan birida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'ladi.
Loyiha yuzasidan xususiy sherikni tanlash O'zbekiston Respublikasining "Davlat-xususiy sheriklik to'g'risida"gi Qonuni, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Sog'liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida" 2019 yil 16 apreldagi PQ–4290-son qarori hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tartibini takomillashtirish to'g'risida" 2020 yil 26 apreldagi 259-son qarori talablariga binoan amalga oshiriladi.
Loyihaning amalga oshirilishidan manfaatdorligi va salohiyati to'g'risida ma'lum qilish taklifi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladigan ko'p tarmoqli zamonaviy tibbiyot markazining qisqacha tavsifi bilan quyidagi elektron pochta manzillariga 2024 yil 7 iyunga qadar yuborilishi lozim.
Qiziqish bildirish uchun so'rov va takliflar quyidagi manzillarda qabul qilinadi:
O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi
Elektron pochta manzili: samandar.abduqayumov@ssv.uz
Telefon raqami: +998 71 203-15-19.
