SSV: O'zbekistonda Siam egizaklari noyob operasiya orqali ajratib olindi
2025-10-09 11:00:00 / Yangiliklar

Tanasi bir-biriga tutash bunday chaqaloqlarni vaqti kelib, jarrohlik yo'li bilan ajratib olish mumkin, ammo umumiy ichki a'zolarga ega bo'lganligi bois, ularni operasiya qilishga ko'p mamlakatlarda, hatto, eng mohir xirurglar ham jazm etolmaydi. Chunki bu — o'ta noyob operasiya. Hammasi shifokorning bilim va mahoratiga, lahzalar oralig'ida qabul qiladigan to'g'ri qarorlariga bog'liq.
Quvonarlisi, yaqinda Chirchiq shahrida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent viloyat filialida ana shunday noyob operasiya o'tkazildi. Homiladorlikning 33-34-haftasida "kesarcha kesish" yo'li bilan muddatidan avval dunyoga kelgan Siam egizaklari tug'uruqdan 9 soat o'tib, shoshilinch ravishda, ustiga-ustak, mahalliy sharoitda o'ta murakkab amaliyot orqali ajratib olindi. Mazkur yuqori texnologik operasiya Respublika perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi bir guruh malakali mutaxassislar tomonidan bajarildi.
Homiladorlik davridan boshlangan sinov
Qiz bola jinsli ushbu chaqaloqlar Siam egizaklari bo'lib, ulardagi bu noodatiy holat homiladorlikning 23 haftaligida UTT tekshiruvi paytida aniqlangan. Tibbiy ko'rik vaqtida ularning qorin va kindik sohalari bir-biriga bog'langani, ayniqsa, ichaklari birgalikda rivojlanayotgani ma'lum bo'ldi. Bu vaziyatda yaqinlariga barcha ma'lumotlar va xavf-xatarlar oldindan tushuntirildi. Farzandlarining yashab ketishidan umid uzmagan ota-ona esa go'daklari hayoti uchun kurashishga rozi bo'ldilar. Shundan so'ng ayol va homilaning rivojlanishi Respublika perinatal markazining eng malakali mutaxassilari tomonidan doimiy nazorat qilib borildi.
Afsuski, homiladorlikning 33-34-haftasida ayolda suv ketish holati kuzatildi. Shu bois bemor zudlik bilan yashash manziliga yaqin bo'lgan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent viloyat filialiga yo'naltirildi. Tug'uruq jarayoni shoshilinch ravishda "kesarcha kesish" usulida amalga oshirildi. Chaqaloqlar umumiy vazni 3400 gramm, bo'yi 41 va 40 santimetr atrofida dunyoga keldi.
Nega operasiya shoshilinch bajarildi?
Egizaklarning tug'uruqdan keyin ahvoli juda og'ir edi. Dastlabki tekshiruvda ularning jigar, taloq va buyraklari alohida ekanligi aniqlandi. Biroq Siam egizaklari ingichka ichaklar va siydik qopi orqali bir-biriga Birlashgan edi. Shuningdek, ko'rik davomida siydik qopining aniq Exo belgilari topilmadi. Egzaklarning birida esa yo'g'on ichak aniqlanmadi. Qolaversa, nafas olishdagi muammolar sababli go'daklarni chuqurlashtirilgan instrumental tekshiruvlardan o'tkazishning imkoni bo'lmadi.
— Eng xavfli tomoni shunda ediki, tug'uruqdan keyin bolalarni birlashtirib turgan terili parda ikki joyidan yorilib, qorin bo'shlig'idan suyuqlik chiqa boshladi, — deydi B. Ergashev. — Bu esa bolalar hayoti uchun juda xavfli bo'lib, qorin bo'shlig'i yallig'lanishining rivojlanish ehtimolini yuzaga keltirardi. Shuningdek, har ikkala qizaloqda ham anorektal anomaliya mavjudligi aniqlandi. Bu ham egizaklarda peritonit rivojlanish xavfini sezilarli darajada oshirardi. Ana shunday qaltis daqiqalarda boshqa tanlov yo'q — zudlik bilan operasiya qilinmasa, ikkala chaqaloq ham hayotdan ko'z yumadi. Shuni inobatga olgan holda o'sha kuniyoq shoshilinch jarrohlik amaliyoti o'tkazish haqida qaror qabul qilindi.
Hayot uchun 5 soatlik kurash
Respublika perinatal markazi, Toshkent davlat tibbiyot universiteti ko'p tarmoqli klinikasi hamda Toshkent viloyatining eng malakali mutaxassislari — jarrohlar, anesteziologlar, reanimatologlar, neonatologlar, operasiya hamishalari — jami 12 nafardan iborat tibbiyot xodimlari ushbu o'ta murakkab amaliyot uchun jam bo'ldi. Ularning vazifasi Siam egizaklarini ingichka ichaklar va siydik qopi orqali Birlashgan joydan ajratib olish edi. Odatda haftalab tayyorgarlik ko'riladigan bunday murakkab operasiya uchun bu gal 9 soat ichida barcha zarur narsalar hozirlandi.
Jarrohlik amaliyoti kechki soat 19:30 da boshlanib, 5 soat davom etdi. Bu vaqt oralig'ida chaqaloqlar anesteziya ostida intubasiya qilindi. Operasiya davomida ularning bitta umumiy yo'g'on ichagi va siydik qopi uraxus orqali bog'langanligi ma'lum bo'ldi. Qon tomirlarni hisobga olgan holda yo'g'on ichak to'ng'ich qizaloqda qoldirildi. Siydik qopi va bog'lovchi uraxus ehtiyotkorlik bilan ajratildi. Ikkala chaqaloqqa ham vaqtinchalik stoma qo'yildi. Shunday qilib, egizaklar bir-biridan muvaffaqiyatli ajratib olindi.
Aytish lozimki, bu turdagi jarrohlik amaliyotlarida har bir soniya muhim, har bir harakat hayot bilan o'lim o'rtasidagi chegarani belgilaydi. Odatda bunday murakkab amaliyotlar barcha zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo'lgan eng ilg'or tibbiyot muassasalarida, avvaldan rejalashtirilgan va chuqur tayyorgarlik ko'rilgan holda o'tkaziladi. Bu gal ushbu noyob operasiyaning mahalliy sharoitda bajarilishi hamda viloyat darajasiga tushirilishi Prezidentimiz tomonidan soha rivoji yo'lida olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijasi bo'ldi.
O'zbekistonda Siam egizaklari necha marta operasiya qilingan?
Shu paytgacha yurtimizda Siam egizaklarini ajratib olish amaliyoti ikki marta qilingan. Birinchisi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilgan. Unda operasiya chet eldan chaqirilgan mutaxassis boshchiligida va bevosita uning ishtirokida kechgan. Qolaversa, 2023 yil Respublika perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya o'quv-davolash-metodik markazida qirg'izistonlik egizaklar bir-biridan ajratib olingan. Ushbu operasiya ham Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi malakali mutaxassislar tomonidan amalga oshirilgandi. Biroq bu galgisi o'ta murakkab edi.
— Avval o'tkazilgan Siam egizaklari operasiyasidan orttirilgan tajriba, albatta, bu safar qo'l keldi, — deydi B.Ergashev. — Ammo uni hozirgisi bilan taqqoslab bo'lmaydi. Chunki qirg'izistonlik Siam egizaklari 7 oylik, vazni esa 10 kilogramm atrofida edi. O'sha operasiyaga biz oldindan, puxta tayyorgarlik ko'rgan, katta tajribaga ega mutaxassislar jamoasi bilan kirishgan edik. Ular jigar orqali bog'langan bo'lib, jigarni ajratish jarayoni taxminan bir yarim soat, butun operasiya esa uch soatga yaqin davom etgandi. Bu safargi amaliyot esa anchagina qiyin kechdi. Chunki bolajonlar muddatiga etmay tug'ilgan, ularning ichki a'zolari — ichak va siydik qopi umumiy bog'langan edi. Shu sababli jarrohlik jarayoni yuqori darajadagi aniqlik va ehtiyotkorlikni talab etardi. Shunga qaramasdan, o'zbek shifokorlarining tajribasi, jasorati va hamjihatligi tufayli operasiya muvaffaqiyatli yakunlandi.
Salomatligi yaxshilangan jajji bemorlar va ularning onasiga kecha shifoxonadan uyiga javob berildi.
Siam egizaklarini ajratib olish operasiyasida ishtirok etgan bir guruh mutaxassislar Sog'liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov tomonidan "O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash a'lochisi" ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.





