SSV: O'zbek shifokorlari Siam egizaklarini shoshilinch ravishda noyob operasiya orqali ajratib oldi
2025-10-08 19:10:00 / Yangiliklar

Homiladorlikning 33-34-haftasida "kesarcha kesish" yo'li bilan muddatidan avval dunyoga kelgan Siam egizaklari tug'uruqdan 9 soat o'tib, shoshilinch ravishda, ustiga-ustak, mahalliy sharoitda o'ta murakkab amaliyot orqali ajratib olindi.
Besh soat davom etgan yuqori texnologik operasiya Respublika perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi bir guruh malakali mutaxassislar tomonidan bajarildi.
Bugun Sog'liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov ushbu chaqaloqlar holidan xabar oldi.
— Bunday o'ta murakkab amaliyotlar hamma davlatlarda ham amalga oshirilavermaydi, — dedi vazir. — Hatto, tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlarda ham uzoq muddatli tahlillar va katta tayyorgarlikdan so'ng bajariladi. Chunki bu — o'ta noyob operasiya. Mana shunday muddatidan avval tug'ilgan Siam egizaklarining shoshilinch ravishda hamda viloyat darajasida muvaffaqiyatli ajratib olinishi mamlakatimiz tibbiyoti yangi bosqichga ko'tarilganining yorqin dalilidir.
Siam egizaklarini ajratib olish operasiyasida ishtirok etgan bir guruh mutaxassislar vazir A.Xudayarov tomonidan "O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash a'lochisi" ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.
Salomatligi yaxshilangan jajji bemorlar va ularning onasiga bugun shifoxonadan uyiga javob berildi.
SSV matbuot xizmati tomonidan shu haqda tayyorlangan batafsil material va videolavha bilan yaqin vaqtlarda tanishasiz.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.





