Respublika dermatovenerologiya markazining Samarqand filiali xalqaro sertifikatga ega bo'ldi
2025-09-09 18:10:00 / Yangiliklar

Ushbu e'tirof filialda ko'rsatilayotgan tibbiy xizmatlar xalqaro standartlarga javob berishidan dalolat berib, bu erda yangi diagnostika va davolash usullarini yo'lga qo'yish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Xalqaro tashkilot vakillari Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboev hamda Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ulug'bek Sabirov bilan muloqotda hududda tibbiyot sohasini takomillashtirish, tizimda innovasion texnologiyalarni joriy etish, davolash muassasalarida har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlarga yuqori baho berdi.
Qayd etilganidek, sog'liqni saqlash sohasida sifat bo'yicha akkreditasiya markazi (ACQH) 2018 yilda ro'yxatga olingan. ISQua (International Society for Quality in Health Care) tomonidan to'rt marotaba akkreditasiyadan o'tgan va uchta sohada tan olingan. U salomatlikni saqlash tizimida sifat va xavfsizlikni oshirishga yo'naltirilgan xalqaro akkreditasiya organi hisoblanadi.
Eslatib o'tamiz, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o'tgan yili xalqaro akkreditasiyadan o'tkazilgan hamda muassasaga ISO 9001:2015 hamda ISO 7101:2023 xalqaro sifat standartlarini joriy etganligi munosabati bilan maxsus sertifikatlar topshirilgan edi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati


