SSV: tizimda korrupsiyaviy holatlarga qarshi keskin choralar ko'rilmoqda
2025-08-21 12:15:00 / Yangiliklar

Xususan, Sog'liqni saqlash vazirligi tizimida tegishli hujjat va dasturlar qabul qilinib, yangi vertikal tizim yo'lga qo'yildi. Muhimi, sohada korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim va muhit yaratilmoqda.
Vazirlikning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo'limi shu kabi noqonuniy xatti-harakatlarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan tadbirlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda amalga oshirib kelyapti.
Misol sifatida fuqaro g.M.ning qilmishini keltirish mumkin. U Telegram ijtimoiy tarmog'i orqali Toshkent shahridagi tuman tibbiyot birlashmalarida ishlayotgan "ishonchli" tanishlari yordamida poytaxtdagi har qanday shifoxonaga 1,5 – 2 mln. so'm evaziga davolanish uchun imtiyozli yo'llanma (order) tayyorlab berishini muntazam e'lon qilib kelgan.
Holat bo'yicha vazirlikning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo'limi tomonidan joriy yil 12 avgustda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida nazorat tadbiri o'tkazilib, ushbu fuqaro, uning sheriklari va bir necha tibbiyot xodimlari qo'lga olindi.
O'rganish jarayonida g.M.ning sherigi, fuqaro M.Q.ning yonida M.G.ga tegishli yo'llanma borligi aniqlangan. Ayni chog'da Ibn Sino nomli 1-son shahar klinik shifoxonasida davolanish uchun beriladigan orderlar ham topilgan.
Yo'llanmani rasmiylashtirish maqsadida laborator va instrumental tahlil va bemor tibbiy kartasidan ko'chirmalarga Shayxontohur tumanidagi oilaviy poliklinikalarning birida ishlayotgan shifokorlarning imzosi va muassasa muhri qo'yilgan.
Holat yuzasidan o'tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida poytaxtimizdagi oilaviy poliklinika va boshqa muassasalar mas'ul shaxslaridan hamda tibbiyot xodimlaridan tushuntirish xatlari olingan.
Hozirgi paytda mazkur holat yuzasidan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan jinoyat ishi qo'zg'atish hamda dastlabki tergov harakatlari olib borish masalasi ko'rib chiqilmoqda.
Shunday qilib, birgalikdagi sa'y-harakatlar tufayli korrupsiyaviy holatlarga chek qo'yildi.
Kezi kelganda yurtdoshlarimizni bunday yolg'on hamda soxta xabarlarga ishonib qolmaslikka chaqirmoqchimiz.
Rasmiy xabar, yangilik, imtiyoz va tartib-taomillar bilan faqatgina vazirlikning rasmiy veb-sayti ssv.uz hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari https://t.me/ssvuz orqali tanishishingiz mumkin.
Agar sizda korrupsiyaviy holatlar yuzasidan savollar tug'ilsa yoki shubhali faoliyatni sezsangiz, 1203 raqamli "ishonch telefoni" orqali bog'lanishingiz yoki t.me/ssvantikor_bot Telegram botiga murojaat yo'llashingiz mumkin.
Sog'liqni saqlash vazirligi
