Davolanish uchun imtiyozli yo'llanma kimlarga va qay tartibda beriladi?
2025-08-14 09:50:00 / Yangiliklar

Xo'sh, kimlar order olishi mumkin? U qanday tartibda beriladi?
— 2003 yil 26 fevralda qabul qilingan tegishli huquqiy hujjatda Davlat byudjeti mablag'i hisobidan tibbiy yordam ko'rsatiladigan qator imtiyozli toifadagi shaxslar ro'yxati keltirilgan, — deydi tibbiy yordamni tashkillashtirish departamenti bo'lim boshlig'i Azizbek Hamroqulov.
— Bu ro'yxatga bolalikdan nogironligi bo'lgan shaxslar, etim bolalar, I va II guruh nogironlari, yoshga oid pensiyaga chiqqan va ishlamaydiganlar, 1941-1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo'lgan shaxslar, uning qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, baynalmilalchi-jangchilar kiritilgan.
Ayni chog'da kam ta'minlangan oilalarning bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchilari, kambag'allik reestriga kiritilgan oilalar a'zolari, oylik daromadi oilaning har biriga minimal iste'mol xarajati miqdorining 2 baravaridan ko'p bo'lmagan vakillari va boshqa bir nechta toifadagi shaxslar ham ana shu ro'yxatdan o'rin olgan.
Ko'rinib turibdiki, bu imtiyozdan foydalanuvchilar soni kam emas. Shu bois order olish tartibini qadam-baqadam keltirsak, ular uchun foydali bo'ladi.
Dastlab mijoz yashash joyidagi oilaviy shikofor punktiga yoki poliklinikaga boradi. Bu erdan u ko'p tarmoqli Markaziy poliklinikaga yo'naltiriladi. Shu o'rinda ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar bilan dispanser ro'yxatida turadigan shaxslar tegishli viloyat tibbiyot tashkilotlariga to'g'ridan-to'g'ri yuborilishi mumkinligini ham eslatib o'tish zarur.
Ko'p tarmoqli Markaziy poliklinika bemorni hududda davolash mumkin, deb bilsa, uni tuman tibbiyot birlashmasi stasionar bo'limiga yo'naltiradi, kasalligiga qarab viloyatga ham jo'natishi mumkin. O'z navbatida, viloyatdan respublika tibbiyot tashkilotiga yo'llanma beriladi.
Toshkent shahrida fuqaro dastlab oilaviy poliklinikaga boradi. Bu erdan u ko'p tarmoqli Markaziy poliklinikaga yo'naltiriladi. Ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar bo'yicha dispanser ro'yxatida turadigan bemorlar shahar yoki respublika tibbiyot tashkilotiga to'g'ridan-to'g'ri yuborilishi mumkin.
Ko'p tarmoqli Markaziy poliklinikadan shaharga va u erdan respublika tibbiyot tashkilotlariga yo'llanma beriladi.
Aytish joizki, imtiyozli toifadagi mijozlarga bepul tibbiy yordam ko'rsatish uchun tibbiy tanlov komissiyasi xulosasi asosida order beriladi.
Hozirgidek raqamlashtirish jarayonida odamlar ortiqcha vaqt yo'qotmaslikni istashi turgan gap. Shu bois bu jarayon raqamlashtirilgan bo'lib, order holatini my.gov.uz portali orqali tekshirish imkoniyati yaratilgan.
Portalning "imtiyozli davolanishni tekshirish" sahifasiga o'tib, "xizmatdan foydalanish" tugmasi bosiladi.
Arizachining turi tanlanadi (arizachi/ota-ona/ ishonchli vakil).
Arizachi shaxsiy ma'lumotlari kiritiladi (JSHSHIR, yashash joyi).
Imtiyozli yo'llanma ma'lumotlari joylanadi.
Shu tariqa imtiyozli toifaga kiruvchi shaxs elektron yo'llanma asosida ko'rsatiladigan tibbiy xizmatlar ma'lumotini ham yuklab oladi.
Umuman, mamlakatimizda imtiyozli toifadagi aholini davlat mablag'i hisobidan order orqali davolash keng yo'lga qo'yilgan bo'lib, ushbu jarayonni yanada soddalashtirish doimiy e'tibor markazida. Shu maqsadda ayni chog'da tegishli qonunchilikni yanada takomillashtirish bo'yicha ish olib borilyapti. Albatta, bu order olish tartibini yanada osonlashtirish bilan bir qatorda, tibbiyotni xalqchil tizimga aylantirish borasidagi sa'y-harakatlarimizga yangicha sur'at bag'ishlaydi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
