SSV: Respublika allergologiya markazining referens-laboratoriyasi yangi imkoniyatlarga ega bo'ldi
2025-08-13 15:25:00 / Yangiliklar

Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida so'nggi bir yil ichida 30 dan ortiq, viloyatlarda 10 dan ziyod, tuman shifoxonalarida 10 ga yaqin turdagi yangi davolash va diagnostika usullari yo'lga qo'yildi.
Shuningdek, markaz o'z faoliyatini xalqaro standartlarga uyg'unlashtirishga erishdi. Natijada joriy yil may oyida unga ISO 9001:2015 hamda ISO 7101:2023 xalqaro sifat sertifikatlari topshirildi.
Tabiiyki, bunda muassasada tashkil etilgan zamonaviy referens-laboratoriyaning hissasi katta. Bu loyihaning qiymati qariyb 1,5 million AQSh dollariga teng.
Mazkur grant mablag'i 2021 yil 11 dekabr kuni imzolangan tegishli memorandum asosida Hindiston davlati tomonidan ajratildi.
Shu asnoda qisqa muddatda bu erga avtomatik biokimyoviy va gematologiya analizatorlari, koagulometr, eritrositlarning cho'kish tezligini aniqlovchi hamda tsentrifuga apparatlari, termostat kabi ilg'or qurilmalar, jihozlar keltirib o'rnatildi.
Pirovardida markazda qisqa muddatda ilg'or usuldagi qator molekulyar allergologik tashxisot usullari yo'lga qo'yildi.
Masalan, birgina "ALEX" tashxis usuli bemor qonidagi salkam 300 ta allergenga sezuvchanlikni molekulyar oqsil darajasida aniqlash imkonini beradi.
"PROTIA Allerqy-Q 96" texnologiyasi orqali esa 90 turdagi maxsus allergenlarni bir vaqtning o'zida tekshirish mumkin.
Qolaversa, "Thermo Fisher Scientific" kompaniyasining "Phadia 200" avtomat analizatori bir vaqtning o'zida 100 ga yaqin allergenlarning molekulasini aniqlay oladi. Bu texnologiya allergik kasalliklar diagnostikasida xalqaro darajadagi "oltin standart"ga to'liq javob beruvchi yagona moslama hisoblanadi.
Kuni kecha Hindistonning O'zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Smita pant boshchiligidagi delegasiya ishtiroida mazkur zamonaviy referens-laboratoriyaning ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Tadbirda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash istiqbollari ham belgilab olindi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.



