"Elektron poliklinika" tizimining takomillashgan yangi talqini pilot tariqasida ishga tushirildi
2024-03-13 11:05:00 / Yangiliklar

Bu muammoning echimi esa bitta! U ham bo'lsa, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etishdir.
Shundan kelib chiqqan holda bugun yurtimizda tibbiyot sohasini raqamlashtirishga alohida e'tibor qaratilyapti. Xususan, Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan birlamchi bo'g'inda "elektron poliklinika" axborot tizimining bosqichma-bosqich yo'lga qo'yilishi soha xodimlari va bemorlar uchun ayni muddao bo'lmoqda.
Kuni kecha poytaxtimizning Mirzo Ulug'bek tumanida joylashgan 7-son oilaviy poliklinikada "elektron poliklinika" axborot tizimining takomillashtirilgan yangi talqini pilot tariqasida ishga tushirildi.
Xo'sh, ushbu loyihaning afzalliklari nimada? U bemorlar, shifokor va hamshiralar uchun qanday qulayliklar yaratadi?
— Gap shundaki, avvalgi tizimdan farqli o'laroq, mazkur dasturning patronaj xizmati raqamlashtirilib, "elektron resept" (reimbursasiya) tizimi joriy etilgan, — deydi Sog'liqni saqlash vazirligi bo'lim boshlig'i Nodir Eshnazarov. — Shuningdek, unda Real vaqt rejimida statistik ma'lumotlarni shakllantirish va bemorlarga oid shaxsiy ma'lumotlarni etarli darajada himoyalash ta'minlangan hamda axborot tizimlar o'zaro integrasiya qilingan.
Qayd etish kerak, takomillashtirilgan "elektron poliklinika" axborot tizimining joriy etilishi hisobiga avval bemor shifokor qabulida 40 daqiqa navbat kutgan bo'lsa, endilikda mutaxassis ko'rigiga onlayn yozilish orqali bu vaqt 10 daqiqagacha qisqaradi.
Qolaversa:
avtomatik hisobot shakllanishi orqali oylik 28 turdagi blanka va formalar bekor qilindi;
tibbiy ma'lumotlarni elektron shaklda saqlash imkoni yaratildi;
tizim Davlat personallashtirish markazi, MIS-2 va elektron hukumat platformalari bilan integrasiya qilindi.
Mazkur yangilikning yana bir qulayligi shundaki, oilaviy poliklinikaga kelgan bemorning yuzini aniqlash dasturlari orqali darhol xizmat ko'rsatish rejimiga o'tiladi. Ya'ni fuqarodan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar so'rash bilan ortiqcha vaqt yo'qotilishi va ovoragarchiliklarga chek qo'yiladi.
Shuningdek, uning yordamida yagona tibbiy raqam shakllantirilib, bemor stasionar davolanishlar yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko'rsatiladigan xizmatlardan foydalanishi va o'ziga tegishli tibbiy ma'lumotnomalar bilan masofaviy tanishish imkoniga ega bo'ladi.
Bir so'z bilan aytganda, "elektron poliklinika" tizimining takomillashtirilgan yangi talqinining yo'lga qo'yilishi sog'liqni saqlash muassasalari o'rtasida tibbiy ma'lumotlar almashinuvi uchun dasturiy muhit yaratish, sohani davr talablariga moslashtirish orqali uni modernizasiya qilishga yordam beradi.
Eng asosiysi, yangi tizim tibbiyotni tom ma'noda aholiga yaqinlashtirib, shifokor qabuliga bo'ladigan uzundan uzoq navbatlarga chek qo'yadi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
