Jazirama davom etadi: Bunday havoda qanday taomlanish kerak?
2025-07-22 09:30:00 / Yangiliklar

Xo'sh, shunday ekan, saratonda qanday taomlanish kerak?
Sog'liqni saqlash vazirligining ekologik diplomatiya bo'limi boshlig'i Abduqayum To'xtaqulov bu boradagi tavsiyalari bilan o'rtoqlashdi.
— Jazirama havoda, asosan, keksalar, homiladorlar, yosh bolalar suvsizlanish, issiqlikdan charchash va issiq urishi kabi holatlarga moyil bo'ladilar, — deydi mutaxassis. — Shu sababli, eng avvalo, ularning etarli miqdorda suv ichishi va engil taomlar iste'mol qilishiga e'tibor berish kerak. Qolaversa, havo o'ta issiq bo'lgan kunlari organizm suvsizlanishining oldini olish uchun kun davomida, hatto, chanqoq his qilinmasa ham suyuqlik ichish muhim.
Umumiy tavsiyalarga ko'ra, jazirama kunlarda kuniga o'rtacha 2,5-3 litr suyuqlik ichish lozim. Biroq jismoniy faollik va havo haroratiga qarab bu miqdor oshishi mumkin. Ko'chaga chiqqanda doimo suv olib yurish kerak.
Oddiy toza suv eng yaxshi ichimlik hisoblanadi. Muzdek suv o'rniga xona haroratidagi yoki biroz salqin suvni ichish afzalroq. 36-37 darajali suv organizmda metabolizm va ichak faoliyatini yaxshilaydi.
Shakarsiz ko'k choy chanqoqni boshqa ichimliklarga qaraganda yaxshiroq bosadi. Shuningdek, giyohli choylar (yalpiz, moychechak), nordon mevalardan (olcha, olma, qorag'at, klyukva) tayyorlangan shakarsiz kompotlar (mors), ayron, kefir va limon qo'shilgan suv ham foydalidir. Bu ichimliklar organizmni mineral moddalar va vitaminlar bilan ta'minlaydi.
Tarkibida suv miqdori yuqori bo'lgan mahsulotlar, masalan, bodring, tarvuz, qovun gidratasiyaga hissa qo'shadi. Sut tarkibidagi elektrolitlar tufayli foydali bo'lishi mumkin.
Ammo jaziramada ba'zi ichimliklarni iste'mol qilishdan saqlanish lozim. Chunki ular nafaqat chanqoqni bosmaydi, balki suvsizlanishni kuchaytirishi ham mumkin.
Bularga:
tarkibida shakar miqdori yuqori bo'lgan, gazlangan ichimliklar, qadoqlangan sharbatlar;
alkogol ichimliklar;
kofein miqdori yuqori bo'lgan ichimliklar (kofe, ba'zi choy turlari, energetiklar);
o'ta sovuq (muzdek) ichimliklar kiradi.
Bundan tashqari, o'ta issiq kunlarda engil hazm bo'ladigan taomlarni kichikroq portsiyalarda va tez-tez iste'mol qilish tavsiya etiladi. Tarkibida suv miqdori yuqori bo'lgan meva va sabzavotlarga (tarvuz, qovun, bodring, selderey) ko'proq e'tibor qaratish lozim.
Salatlar, qatiqli ovqatlar (masalan, okroshka) va sovuq sho'rva kabi salqin taomlar ham foydali. Terlash orqali yo'qotilgan tuzning o'rnini bosish uchun biroz tuzli taomlar iste'mol qilish maqsadga muvofiq. Lekin qayta ishlangan va o'ta sho'r mahsulotlardan saqlanish kerak.
Ovqat hazm qilish jarayonining o'zi organizmda issiqlik ishlab chiqaradi. Shu sababli, jaziramada hazm bo'lishi qiyin bo'lgan og'ir taomlardan saqlanish tananing ichki haroratini past holda saqlashga yordam beradi.
Og'ir, yog'li va oqsilga boy taomlar (ayniqsa qizil go'sht)ni cheklash tavsiya etiladi. Chunki ularni hazm qilish ko'proq metabolik issiqlik ishlab chiqaradi. Baliq va sabzavotli oqsillar engilroq variant hisoblanadi.
Shirinliklar va xamirli ovqatlar holsizlik hamda chanqoq hissini kuchaytirishi mumkin. Shuningdek, jaziramada chanqatadigan mahsulotlar, masalan, o'ta sho'r yoki dudlangan go'sht va baliq mahsulotlari, konservalar iste'molini kamaytirish maqsadga muvofiq.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
