O'zbekiston travmatologlari yutuqlari MDH shifokorlari tomonidan e'tirof etildi
2023-12-18 16:50:00 / Yangiliklar

Rossiyaning Moskva shahri 10 dan ziyod davlatlardan delegatlar ishtirok etgan "Priorov o'qishlari" Butunrossiya X ilmiy-amaliy konferentsiyasiga mezbonlik qildi.
Ushbu nufuzli anjuman N.Priorov nomidagi travmatologiya va ortopediya milliy tibbiy tadqiqot markazi hamda Rossiya travmatolog-ortopedlar assosiasiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov boshchiligidagi o'zbekistonlik bir guruh soha mutaxassislari ham 10 ga yaqin ma'ruzalari bilan ishtirok etdi.
Xususan, vakillarimizning "COVID-19 asorati bo'lgan son suyagi boshchasining aseptik nekrozi diagnostikasi va davolash usullari, "chanoq-son bo'g'imi og'ir displaziyasida endoprotezlash", "qariyalarda son suyagining proksimal siniqlarida chanoq-son bo'g'imini endoprotezlash tajribasi", "tizza bo'g'imining og'ir holatlarida endoprotezlash" mavzularidagi chiqishlari qatnashchilarda katta qiziqish o'yg'otdi.
Ertasi kuni Hamdo'stlik davlatlari travmatologiya va ortopediya markazlari direktorlari ishtirokidagi davra suhbatida yurtimizda bu sohada yo'lga qo'yilgan innovasion diagnostika hamda muolaja usullariga yuqori baho berildi.
Jumladan, qo'shni Tojikiston vakillari o'z mamlakatida o'zbekistonlik mutaxassislar tomonidan tashkil etilgan "Ponseti maktabi" o'quv kursi samaradorligini alohida e'tirof etdi hamda bolalarda chanoq-son bo'g'imi displaziyasida ultratovush diagnostikasi mahorat darslarini o'tkazish taklifini bildirdi.
Shuningdek, Rossiya mutaxassislari xalqaro hamkorlik borasida yurtimiz tajribasi ommalashtirishga loyiq ekanligini qayd etdi.
Yakunda N.Priorov nomidagi travmatologiya va ortopediya milliy tibbiy tadqiqot markazi bilan yirik bo'g'imlarni endoprotezlashda robot texnologiyasi, umurtqa pog'onasi kasalliklarida perkutan endoskopik amaliyotlari bo'yicha hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Binobarin, shu kuni bo'lib o'tgan "yosh olimlar konferentsiyasi"da vakillarimiz umurtqa pog'onasi bo'yin qismining disklararo churralarini jarrohlik yo'li bilan davolashda endoskopik mikrodiskektomiya usuli hamda revmatoidli artritga chalingan bemorlarni medial stabillikli protez bilan Total endoprotezlash amaliyoti borasidagi tajribasi bilan o'rtoqlashdi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
