Joylarda tibbiyotni raqamlashtirish darajasi qay holatda?
2025-03-24 16:45:00 / Yangiliklar

Prezidentning 2023 yil 28 dekabrdagi "Sog'liqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilg'or raqamli texnologiyalarni joriy etish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori bu borada dasturilamal bo'lmoqda.
Xo'sh, o'tgan davrda mazkur yo'nalishda qanday ishlar amalga oshirildi va o'z echimini kutayotgan yana qanday vazifalar mavjud?
Sog'liqni saqlash vaziri o'rinbosari Olim Omonov tomonidan Sirdaryo viloyatida videokonferentsaloqa shaklida o'tkazilgan yig'ilishda hududdagi tibbiyot muassasalarida axborot tizimlaridan foydalanish samaradorligi va amalga oshirilayotgan ishlar hamda mavjud muammolar tahliliy-tanqidiy ko'rib chiqildi.
Tadbirda viloyat tibbiyot muassasalari rahbarlari va raqamlashtirish bo'yicha mas'ullari, Qoraqalpog'iston Respublikasi sog'liqni saqlash vaziri va viloyatlar sog'liqni saqlash boshqarmalari boshliqlarining raqamlashtirish bo'yicha o'rinbosarlari joylardagi studiyalar orqali qatnashdi.
Ta'kidlanganidek, yuqorida keltirilgan hujjatda sog'liqni saqlash sohasini raqamlashtirish va axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish, boshqaruvdagi ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish, aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish qamrovini kengaytirish hamda mazkur yo'nalishdagi transformasiya dasturlarini izchil amalga oshirishga doir aniq vazifalar ko'zda tutilgan.
O'tgan davrda Sirdaryoda shu asosda salmoqli ishlar bajarilgan.
Ammo hudud tibbiyot muassasalarida raqamlashtirish tizimi shu yil 1 yanvardan ishga tushirilishi ko'zda tutilgan bo'lishiga qaramay, hozirga qadar qoniqarli natijaga erishilgani yo'q.
Yig'ilishda e'tibor qaratilgan asosiy jihatlar esa quyidagilardan iborat:
Tuman va shaharlarda raqamlashtirish to'liq yo'lga qo'yilgan, ammo uni ishlatish bo'yicha joylardagi ayrim soha mas'ullariga bilim va malaka ko'nikmalari etishmayapti.
Ayrim tumanlarda "elektron navbat" tizimi uchun ajratilgan televizorlar hozirgacha o'rnatilmagan.
DMED tizimi faqat Guliston shahrida yaxshi yo'lga qo'yilgan.
Raqamlashtirish bo'yicha namunali tuman va shifoxona aniqlanadi.
Raqamlashtirish tizimi yaratilgan, ammo undan joylardagi mas'ullarni keng foydalanishi sust darajada.
IT-hamshiralarni tayyorlash yo'lga qo'yiladi.
Umuman, viloyatda raqamlashtirish tadbirlari muvaffaqiyatli amalga oshirilgani holda, uni ishlatib yuborishga kelganda bir qator muammo va kamchiliklar kuzatilmoqda.
Shundan kelib chiqib, tadbirda shu muammolarni hal etishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olindi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
