Rasmiy munosabat
2025-03-07 09:45:00 / Yangiliklar
Mazkur holat yuzasidan quyidagilar ma'lum qilinadi.
Sklerozlashgan panentsefalit xavfli bosh miya kasalligi bo'lib, asosan bolalar va o'smirlarda uchraydi. Ushbu xastalik aksariyat hollarda qizamiq asorati sifatida yuzaga keladi, biroq uning etiologiyasi boshqacha ham bo'lishi mumkin.
Kasallik alomatlari dinamikada kuchayib, umumiy rivojlanishdan orqada qolish, talvasa xurujlarining ko'pligi, mushak tonuslari ortishi, keskin vazn yo'qotish bilan namoyon bo'ladi va xastalikning so'nggi bosqichida bemor koma holatiga tushadi.
JSST tahlillariga ko'ra, sklerozlashgan panentsefalit qizamiq bilan kasallangan har 100 ming bemordan 4-11 nafarida uchraydi. Bugungi kunda yurtimizda bu kasalikka chalingan 130 nafardan ziyod bola ro'yxatga olingan.
Mazkur xastalik qizamiqni boshdan o'tkazganlarda 2,5 yildan 34 yilgacha bo'lgan davrda alomatsiz kechishi mumkin. Uning dastlabki bosqichlarida hech qanday patologik o'zgarishlar kuzatilmasligi tufayli kasallikka aniq tashxis qo'yish ma'lum qiyinchiliklar tug'diradi.
Xalqaro ekspertlar xulosasiga ko'ra, dunyo bo'yicha bolalarda uchrayotgan sklerozlashgan panentsefalit aholi orasida qizamiqqa qarshi emlanishdan bosh tortish holatlari ko'payganligi tufayli yuzaga kelmoqda. Yurtimizda ham ushbu kasallikka chalingan bolalarning aksariyati qizamiqqa qarshi emlanmagan.
Aytish lozimki, bugungi kunda Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu bemorlarni davolash, ularni tegishli dori vositalari va boshqa jihozlar bilan ta'minlash bo'yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
Xususan, sklerozlashgan panentsefalit bilan kasallangan bemorlarning ro'yxati shakllantirilib, ular nazoratga olindi. Ayni paytda bemor bolalar hududlar hamda Toshkentdagi bolalar tibbiyot muassasalarining nevrologiya va reanimasiya bo'limlarida simptomatik davolanib kelmoqda.
Sog'liqni saqlash vazirligining soha mutaxassislari tomonidan Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti standartlaridan kelib chiqib, ushbu kasallikni simptomatik davolash yuzasidan davolash standart-protokollari ishlab chiqildi.
Barcha turdagi epileptik entsefalopatiya holatlarida qo'llaniladigan va ushbu kasallikda ham kuzatiladigan talvasa hurujlarini kamaytirishga yordam beradigan "Klonazepam" dori vositasi ro'yxatdan o'tkazildi va bemorlarga etkazildi.
Kasallik diagnostikasi va davolash jarayonlarini amalga oshirish uchun xalqaro va milliy ekspertlar ishtirokida "yo'l xaritasi" ishlab chiqilib, tasdiqlandi va ijrosi nazoratga olindi.
Shuningdek, o'tgan 2024 yil Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan Respublika bolalar milliy tibbiyot markazida sklerozlashgan panentsefalitga chalingan 130 nafardan ortiq bolaning barchasida maxsus laborator tahlillarni o'tkazish tadbirlari amalga oshirildi hamda ularning ota-onalari uchun nevrolog va virusolog olimlar tomonidan xalqaro darajadagi eng zamonaviy ilmiy ma'lumotlar taqdim etildi.
Ta'kidlash joizki, mazkur masala yuzasidan Sog'liqni saqlash vazirligiga murojaat bilan kelgan ota-onalarni vazir o'rinbosari E.Basitxanova qabul qildi.
Muloqot davomida akademik E.Musabaev boshchiligidagi sohaning eng nufuzli ekspertlar guruhi bilan bemor bolalarning yaqinlari o'rtasida uchrashuv tashkil etilib, ularni qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.
Shuningdek, ularga bemor bolalar 2025 yil zarur dori vositalari bilan to'liq ta'minlanishi, buning uchun davlat hisobidan 9 mlrd. so'mdan ziyod mablag'ajratilishi ma'lum qilindi.
Bundan tashqari, bugun bo'lib o'tgan vazirlik Hay'at yig'ilishida ushbu bemorlar hududlar kesimida nazoratga olinib, ularni davolash va tibbiyot muassasalarida reabilitasiya o'rinlarini tashkil etish yuzasidan mas'ullarga qat'iy topshiriqlar berildi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
