SSV: Respublika pediatriya markazida O'zbekistonda ilk bor videokapsula endoskopiyasi joriy qilindi
2025-03-06 16:00:00 / Yangiliklar

Tadbirdan ko'zlangan maqsad soha mutaxassislariga bolalarda uchraydigan hazm a'zolari va ichak kasalliklarini zamonaviy vedokapsulali endoskopiya orqali aniqlash haqida ma'lumot berish hamda uni amaliyotga joriy etishdan iborat.
Ta'kidlash lozimki, mazkur innovasion usul bolalarda ko'p uchraydigan oshqozon-ichak kasalliklariga barvaqt va samarali tashxis qo'yish imkonini beradi.
Ushbu qurilma raqamli texnologiya va mikroelektronika sohasidagi eng so'nggi yutuqlarni o'zida jamlagan bo'lib, ingichka va yo'g'on ichakni oson, qulay va og'riqsiz tashxislaydi. Shu bilan birga, ichaklardagi patologiyalarni yuqori sifatli tasvirga olish orqali ularni shifokorlarga onlayn vaqt oralig'ida ko'rsatib boradi.
Qolaversa, u bemor bolalarning funktsional diagnostikasi yo'nalishida afzal usullardan hisoblanib, qator qulayliklarga ega.
Jumladan:
bemor uchun og'riqsiz va sun'iy uxlatishni talab etmaydi;
teshiruv davomida tanaga zararli ta'sir qilmaydi;
u bir martalik va steril bo'lib, bemor organizmiga tashqaridan infektsiya tushish xavfining oldini oladi;
tekshiruv payti bemor erkin harakat qilish, mobil aloqadan foydalanish kabi harakatlarni bajarishi mumkin;
ingichka ichak rentgenografiyasi bilan solishtirganda oshqozon-ichaklarda yashirin qon ketish sabablarini 70 foizgacha aniqlikda ko'rsatadi.
Shuningdek, ushbu qurilma o'lchami 5 mm. dan kam bo'lgan ichak poliplarini aniqlashda yuqori diagnostik samaradorlikka ega bo'lib, bemorlar orasida nogironlikka olib keluvchi tseliakiya kasalligini erta aniqlashda "oltin standart" hisoblanadi.
Videokapsula endoskopiyani masofadan o'chirish, olingan natijalarni tahlil qilish uchun faqat zarur tasvirlarni alohida ko'rib chiqish imkoniyati mavjud.
Unda qo'shimcha portativ cho'ntak kompyuter bo'lib, shaxsiy kompyuterga simsiz ulash mumkin. Sensorli qulay jilletdan foydalanish esa butun tizim bilan ishlashni osonlashtiradi.
Ma'lumot o'rnida, ushbu qurilma tseliakiya, kelib chiqishi noma'lum bo'lgan anemiya yoki oshqozon-ichakdan qon ketishi, Kron kasalligi, nospesifik yarali kolit, enterit, ichak ta'sirlanishi sindromi, ingichka ichak xavfsiz (poliplar) va xavfli o'smalari, shu jumladan, GIST va neyroendokrin o'smalar, noma'lum qorin og'rig'i va uzoq muddatli diareya hamda vazn yo'qotish kabi xastaliklarga tashxis qo'yishda qo'llaniladi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.