Bugungi kunda respublikamizda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini ta’minlash yuzasidan izchil sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda
2024-11-18 09:10:00 / Yangiliklar

Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligida Genderga oid auditni o‘tkazuvchi ishchi guruh a’zolari ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda ham bu jihatlar alohida qayd etildi.
Genderga oid auditni o‘tkazuvchi ishchi guruh koordinatori Muqaddas Muyitdinova so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar mavqeini oshirish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda faol ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Xususan, davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida davlat organlari hamda tashkilotlarida genderga oid auditlarni o‘tkazishning huquqiy asoslari yaratildi, bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi.
Jumladan, 2022-yil 15-dekabr kuni “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida” Qonun qabul qilindi. Ushbu qonun bilan “genderga oid audit” to‘g‘risida yangi mexanizm kiritilib, maxsus normalar bilan uchun asosiy vazifalari, genderga oid auditni o‘tkazish hamda uning natijalarini ko‘rib chiqish tartibi mustahkamlandi.
Tibbiyot xodimlarini malaka oshirish instituti dotsenti Dilfuza Xasanova genderga oid audit xususida to‘xtalib o‘tib, asosan mehnat munosabatlarini, tashkilotlarda xotin-qizlar va erkaklar uchun yaratilgan imkoniyatlarni, mehnat sharoitlarining tengligini, kadrlar siyosatini o‘rganishga yo‘naltirilgan bo‘lib, xodimlarning manfaatini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi kasaba uyushmalarining faoliyatiga mos kelishini ta’kidlab o‘tdi.
Yig‘ilish davomida bu va boshqa masalalar muhokama etildi.










