Allergik kasalliklardan qanday xalos bo'lish mumkin?
2024-11-19 15:25:00 / Yangiliklar

Mutaxassislar buni noyabr oyi mavsumiy allergik kasalliklarni davolashni boshlash uchun eng yaxshi vaqt ekanligi bilan izohlaydi. Chunki o'simliklar gullaganida allergiyadan aziyat chekmasalik uchun bemorlarga ayni shu davrda allergen spesifik immunoterapiya (ASIT) usuli yordamida muolaja olish tavsiya etiladi.
— Sohamizda yangidan-yangi diagnostika va davolash usullari joriy etilmoqda, — deydi markaz direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — Shulardan biri allergen spesifik immunoterapiya (AIST) deb nomlanadi.
Ushbu muolaja turida allergenlarning tuzli-suvli eritmasi bemor organizmiga kichik dozalarda titrlab yuboriladi. Shundan so'ng spesifik antitana miqdori kamayishi, ya'ni allergenga nisbatan javob reaktsiyasi pasayishi kuzatiladi.
Natijada qondagi umumiy IgE miqdori ozayib, bloklovchi antitana — IgG4 ko'payadi. Shu tariqa kasallik simptomlari kamayib, hatto xastalik bemorni umuman bezovta qilmaydi.
Mutaxassisning qayd etishicha, ASIT allergik rinit va bronxial astmaning engil hamda o'rta shakllaridan aziyat chekayotgan 5 yoshdan oshgan bolalar va kattalarni davolashga mo'ljallangan. Biroq bu usul atopik dermatit, oziq-ovqat allergiyasi muolajasida samara bermaydi. Immunitetni o'zgartirmaydi.
Davolash kursi — 3 yildan 5 yilgacha. Muolajalar ikki — in'ektsiya yoki sublingual usulda amalga oshiriladi. Ikkinchi shakl tabletka yoki tomizg'i dorilarni o'z ichiga oladi. Ammo har ikkisining samaradorligi bir xil.
Davolash jarayonini boshlash vaqti bemorning aynan nimaga allergiyasi borligi bilan bog'liq. Masalan, daraxt gulchanglari xastalik qo'zg'atuvchisi bo'lsa, kech kuz, qish mavsumi va may oyigacha bo'lgan davr maqbul. In'ektsiya shaklida muolajani yil bo'yi davom ettirsa bo'ladi.
Uy changlariga allergiyasi bo'lganlarni davolash ham kasallikning tinch davrida boshlanadi. Agar alomatlar mavjud bo'lmasa, muolajalarni yil bo'yi qo'llash mumkin.
I.Razikovaning ta'kidlashicha, ayni paytda Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida qo'llanilayotgan allergen spesifik immunoterapiya orqali davolash usuli yuqori samara bermoqda.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
