Suyak to'qimalariga qanday qilib infektsiya tushadi?
2024-11-19 09:25:00 / Yangiliklar

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov ushbu kasallik alomatlari, sabablari, asoratlari, tashxislash va davolash usullari haqida ma'lumot berdi.
— Osteomielitda suyak to'qimasining barcha elementlari (suyak to'qimasi —ostit, ko'migi — mielit, pardasi — periostit va atrof to'qimalar) yallig'lanishi kuzatiladi, — deydi mutaxassis. — Xastalik ko'pincha odam skeleti g'ovak suyaklarining bo'g'imga yaqin joyida uchraydi. Bunga yiring hosil qiluvchi mikroblar, masalan, stafilokokk, streptokokk sabab bo'ladi.
Infektsiyalar suyak to'qimasiga qanday tushadi? Ular organizmning turli nuqtalaridagi yiring o'chog'i, masalan, chipqondan, yallig'langan murtak bezlaridan, yangi tug'ilgan bolalarda infektsiya tushgan kindikdan qon oqimi bilan kelishi mumkin. Ba'zida yallig'lanish sil, zaxm kasalliklari oqibatida ham paydo bo'ladi.
Shu bilan birga, sovuqda uzoq qolib ketish, operasiya chog'ida suyak to'qimalariga infektsiya tushishi, jarohatlar o'z vaqtida davolamanmasligi, suyaklar ochiq singanida, ochiq yaralar ifloslanishi bu dardga yo'liqish ehtimolini oshiradi.
Xastalikning o'tkir gematogen osteomielit turi odatda 8-17 yoshda ro'y beradi. U ko'pincha badan sovqotganda yoki lat eganda to'satdan boshlanishi mumkin.
Bemor junjikib, harorati 39-40 darajagacha ko'tariladi, pulsi tezlashadi, ko'z oldi qorong'ilashib, uxlay olmaydi, alahlaydi. So'ngra yallig'langan suyak og'riydi, ustidagi teri shishib, qizaradi. Yiring yorib chiqqanda esa harorat pasayib, bemorning ahvoli yaxshilanadi.
Osteomielit oqibatida suyaklar deformasiyasi, soxta bo'g'imlar hosil bo'lishi ham amaliyotda kuzatiladi.
Shu bilan birga, osteomielit tez-tez qaytalanuvchi xastalikdir. Bu jarayonda asoratlar odam tanasining butun a'zolariga o'z ta'sirini o'tkazmay qolmaydi. Oqibatda bo'g'imlar, asab tizimi, qon tomirlari, yurak, buyrak, jigar va boshqa yumshoq to'qimalarda o'zgarishlar yuzaga keladi.
Osteomielitga uchragan naysimon suyaklarda patalogik sinish, suyak to'qimasining chirishi, o'sishdan to'xtashi kabi holatlar shakllanishi xavfi ham mavjud.
Agar bemor kasallik boshlanganini darhol sezib, vaqtida davolansa, asoratlarsiz sog'ayib ketadi. Ammo suyak emirilib, yiring qonga tarqalgan bo'lsa, sezilarli asoratlar qoladi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
