SSV: so'nggi 7 yilda ko'z mikroxirurgiyasi markazi 150 ta yuqori texnologik tibbiy uskuna bilan ta'minlandi
2024-10-09 16:40:00 / Yangiliklar

Bu haqda muassasa direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Azamat Yusupov batafsil gapirib berdi:
— Markazda nogironlikning asosiy sabablari bo'lgan glaukoma, keksalik makulodistrofiyasi, diabetik retinopatiya, to'r parda ko'chishi kabi og'ir va murakkab ko'z kasalliklarining profilaktikasi hamda ularni erta aniqlash va davolash amalga oshiriladi.
Muassasa zamonaviy yuqori texnologik tibbiy uskunalar bilan jihozlangan, so'nggi 7 yilda esa qo'shimcha 150 ta shunday uskuna bilan ta'minlandi.
Oftalmologlarimiz katarakta va glaukoma, rekonstruktiv, shox parda, plastik, lazer jarrohliklari, bolalarda ko'zlarni maxsus kompyuter dasturlari asosida reabilitasiya qilish va ko'zni protezlash amaliyotlarini muvaffaqiyatli bajarishmoqda. Hududiy filiallarda ham fakoemulsifikasiya, lazer jarrohlik davolash usullari, optik kogerent tomografiya, ultratovushli biomikroskopiya diagnostika usullari keng joriy qilingan.
Katarakta kasalligida fakoemulsifikasiya usulini qo'llab, turli xil sun'iy gavharlar (IOL), shuningdek, multifokal, ya'ni uzoq va yaqinni ko'zoynaksiz ko'rish imkonini beradigan sun'iy Gavhar implantasiyasi amalga oshirilmoqda. Ko'zning refraktsiya anomaliyalarida, xususan, astigmatizm holatlarida esa gavharni gradusli Iolga almashtirish keng yo'lga qo'yilgan bo'lib, bunda bemorning ko'rish qobiliyati deyarli ideal ko'rsatkichlargacha etkaziladi. Har yili 4 mingdan ziyod shunday jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.
Bundan tashqari, markaz kasallangan shox pardani tiniq donor shox pardaga almashtirish jarrohlik amaliyotini o'tkazadigan yagona ko'z klinikasidir. Donor materiallari AQShning Florida shtati, Tampa shahridagi "Lions Eye" Transplantologiya va tadqiqot institutining ko'z bankidan keltiriladi. Har yili 60-70 nafar bemorga shox parda kasalliklarida uni ko'chirib o'tkazish jarrohlik amaliyoti bajariladi. Bu texnologiyalarni tatbiq etishdan avval bunday bemorlar ko'rlikka, nogironlikka mubtalo bo'lar yoki katta mablag'sarflab, xorijga borib davolanishga majbur bo'lardi.
Bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida yaqinda AQShning "Lions Eye" Transplantologiya va tadqiqot institutining Shox parda transplantasiyasi markazi bilan memorandum imzoladik. Natijada endi yurtimizda Markaziy Osiyoda birinchi ko'z banki yaratilib, bemorlarni donor shox parda bilan ta'minlash masalasi o'zimizda hal etiladi.
Muassasada yiliga 800 ga yaqin glaukomaga qarshi jarrohlik amaliyoti zamonaviy texnologiyalar asosida bajarilib, ularning 40-45 foizi lazerli usullar bilan amalga oshiriladi. Lazer jarrohligi bo'limida yiliga diabetik retinopatiya, glaukoma, ko'zning old va orqa qismlarida 2500 dan ziyod jarrohlik amaliyoti o'tkaziladi. Har yili 800 dan ortiq optik-rekonstruktiv jarrohlik amaliyotlari bajariladi.
Hozirgi vaqtda oftalmologiyada yuqori texnologiya talab qilinadigan katarakta, glaukoma, to'r parda ko'chishi, retinopatiyalar, gemoftalm, refraktsiya anomaliyalari kasalliklarida kelib tekshirilgan va davolangan bemorlarning soni oshishi sababli joriy etilgan yuqori texnologik davolash usullarining soni 2 barobardan 5 barobargacha ko'paydi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
