O‘zbekiston — Rossiya: Tibbiyot sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi
2026-10-21 18:10:00 / Yangiliklar

Ta'kidlanganidek, ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va o‘zaro ishonchga asoslangan muloqoti tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Xususan, ayni paytda kadrlar tayyorlash, zamonaviy tashxislash va davolash usullarini amaliyotga joriy etish, yuqori texnologik tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish bo‘yicha qator qo‘shma loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Tibbiy ta’lim sohasidagi hamkorlik ham izchil kengaymoqda. Xususan, Toshkentda N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti filiali tashkil etilmoqda. Ayni paytda loyiha doirasida ta’lim va klinik bazani, professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirish hamda simulyatsiya-akkreditatsiya markazini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti.
Tomonlar yuqori texnologik tibbiy yordamni rivojlantirishga doir hamkorlikni yanada kengaytirish lozimligini qayd etdilar. O‘z navbatida, farmatsevtika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, onkologik va yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash, yurtimizda yadro tibbiyotini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish bo‘yicha galdagi vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilovchi “yo‘l xaritasi” imzolandi.
SSV Matbuot xizmati.


