Bolalar saratoniga qarshi kurash: 2035-yilgacha mo‘ljallangan Milliy reja tasdiqlandi
2026-10-06 17:05:00 / Yangiliklar

Albatta, ushbu global muammoni hal etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda. Prezidentimizning 2025-yil 19-maydagi “2025-2030-yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ayni shu maqsadni ko‘zlab qabul qilingan.
Qaror ijrosi doirasida Onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 2035-yilgacha mo‘ljallangan Milliy reja ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Ushbu hujjat Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Bolalar saratoniga qarshi kurash global tashabbusi bilan uyg‘unlashtirildi.
Milliy rejaga ko‘ra, O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan har bir bolani, geografik joylashuvi va iqtisodiy holatidan qat’i nazar, o‘z vaqtida tashxislash va uning samarali davolanish imkoniyatini ta’minlash maqsad qilingan.
Shuningdek, bolalar saratonini erta bosqichlarda aniqlash holatlari ulushini 65 foizgacha oshirish, bunday bemor o‘g‘il-qizlarni 100 foiz ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan qamrab olish belgilangan.
Jumladan, ana shu islohotlar natijasida:
bolalarda onkologik va gematologik kasalliklarni erta aniqlash tizimi takomillashtiriladi;
hududlarda ham diagnostika xizmatlari qamrovi oshirilib, zamonaviy laboratoriya hamda instrumental tekshiruvlardan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi;
davolashning barcha ilg‘or usullari, jumladan, target va immunoterapiyadan foydalanish imkoniyatlari oshiriladi;
soha uchun malakali tibbiy kadrlar tayyorlash va ularning kasbiy salohiyatini oshirish choralari ko‘riladi;
bolalar kanser-registri, elektron tibbiy karta va teletibbiyot kabi raqamli texnologiyalar joriy etiladi;
palliativ yordam, psixologik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda reabilitatsiya xizmatlari rivojlantiriladi.
Umuman olganda, Milliy reja faqat davolash jarayonini emas, balki erta tashxisdan tortib, bolaning to‘liq reabilitatsiyasi va odatiy sog‘lom hayotga qaytishigacha bo‘lgan butun tizimni qamrab oladi.
SSV Matbuot xizmati.
