Rasmiy munosabat
2026-10-02 11:30:00 / Yangiliklar
“Oʻzbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Xaridlar markazi” davlat muassasasi tomonidan Respublika tibbiyot muassasalari uchun 4 dona MSKT tibbiy jihozini xarid qilish maqsadida maxsus axborot portalida 497870-sonli lot bo‘yicha belgilangan tartibda tender o‘tkazilgan.
Tender yakunlari bo‘yicha “SKYMED Technologies” MCHJ tomonidan e’tiroz xati kelib tushgan. Mazkur murojaat Xarid komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilib, tender ishtirokchilarining texnik takliflarini baholash jarayonida tibbiyot muassasalari ekspert guruhi tomonidan ayrim texnik xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.
Xususan, servis xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan mezon asosida g‘olib ishtirokchiga asossiz ravishda qo‘shimcha 1 ball berilgan.
Shu munosabat bilan, Xarid komissiyasining 2026-yil 18-sentabrdagi qaroriga asosan 497870-sonli lot bo‘yicha tender natijalari bekor qilingan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 2026-yil 21-sentabrdagi mazkur tender yuzasidan o‘rganish o‘tkazish maqsadida tender ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni taqdim etish so‘roviga “Xaridlar markazi” tomonidan 22-sentabrda javob berilib, tender natijalari bekor qilinganligi hamda bunga sabab bo‘lgan holatlar haqida ma’lumot berilgan.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, tender natijalarining bekor qilinishi texnik baholash jarayonida aniqlangan xatoliklar bilan bog‘liq bo‘lib, tegishli qaror Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganish natijalariga ko‘ra qabul qilingan.
“Oʻzbekiston Respublikasi
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi
Xaridlar markazi” davlat muassasasi.
