SSV TAVSIYASI: BOLALARNI O‘RVI VA GRIPPDAN QANDAY HIMOYALASH KERAK?
2026-09-18 11:55:00 / Yangiliklar

Xo‘sh, shamollash mavsumiga qanday tayyorgarlik ko‘rish, bolalarni O‘RVI dan himoyalash va kasallikni yengil o‘tkazish uchun nimalarga e’tibor berish zarur?
Quyida Sog‘liqni saqlash vazirligining bu boradagi muhim tavsiyalari bilan tanishasiz.
Kuzda yuqumli kasalliklar nega ko‘payadi?
Kuzda havo salqinlashadi, bolalar ta’tildan maktabga qaytadi, odamlar esa ko‘proq yopiq xonalarda vaqt o‘tkazadi. Bu virus va boshqa infeksiyalarning yuqishini osonlashtiradi. Sovuq kunlarda eshik va derazalar yopilib, xona havosi kam almashtirilishi ham viruslar tarqalishiga qulay sharoit yaratadi.
Sovuq harorat yuqori nafas yo‘llaridagi tug‘ma immunitet hujayralari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, quruq havo esa shilliq qavatlar himoya xususiyatlarini o‘zgartirishi mumkin. Kamharakatlilik ham organizmning kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyatini susaytiradi.
Bolalarni yuqumli xastaliklardan qanday asrash kerak?
Yuqumli kasalliklar, asosan, havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Shu bois bolaga qo‘llarni, ayniqsa, ovqatlanishdan oldin va hojatxonadan keyin sovunlab yuvishni o‘rgatish, bemorlar bilan yaqin muloqotni cheklash muhim.
Agar bolada burun oqishi, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i yoki isitma paydo bo‘lsa, uni maktab yoki bog‘chaga yubormaslik tavsiya etiladi. Bu uning tezroq sog‘ayishi va infeksiya boshqalarga tarqalmasligiga yordam beradi. Bolani ob-havoga mos kiyintirish, nam kiyimda yurmasligiga e’tibor berish zarur.
Ratsionda sabzavot va mevalar, sut mahsulotlari, tuxum, go‘sht, baliq va dukkakli mahsulotlar yetarli bo‘lishi, gazli va energetik ichimliklar, chips, suxarik hamda ortiqcha shirinliklar esa cheklanishi lozim.
Yetarli uyqu ham muhim. Bolani bir vaqtda uxlab, bir vaqtda turishga odatlantirish, uyqudan oldin telefon va planshetdan foydalanishni cheklash tavsiya etiladi.
Gripp nega xavfli xastalik deyiladi?
Gripp — o‘tkir va tez yuquvchi kasallik. Uning asosiy manbai gripp bilan og‘rigan bemor hisoblanadi. Xavf guruhiga 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 65 yoshdan oshgan keksalar va homilador ayollar kiradi. Xastalik burun, tomoq, bronxlar va ayrim hollarda o‘pkani zararlaydi.
Grippning yashirin davri odatda 1–4 kun. Kasallik tana haroratining to‘satdan ko‘tarilishi, yo‘tal, bosh, mushak, tomoq va bo‘g‘imlarda og‘riq hamda holsizlik bilan boshlanadi. Bolalarda og‘ir holatlarda nafas olish qiyinlashishi, ishtaha yo‘qolishi, suvsizlanish va e’tibor pasayishi kuzatilishi mumkin.
Gripp ayrim hollarda zotiljam, o‘pka abssessi, o‘tkir respirator distress sindromi, shuningdek, sinusit, otit, meningit va boshqa jiddiy asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Emlanish samara beradimi?
Grippga qarshi emlanish kasallikning oldini olish va og‘ir kechish xavfini kamaytirishning eng samarali usullaridan biridir. Ayniqsa, yosh bolalar, keksalar, homilador ayollar, surunkali kasalliklari bor insonlar va tibbiyot xodimlari emlanishga alohida e’tibor qaratishi kerak.
Vaksina organizmda gripp virusiga qarshi himoya shakllanishiga yordam beradi va kasallik og‘ir kechishi hamda asoratlar rivojlanishi xavfini kamaytiradi. Vaksinadan keyin ayrim insonlarda ukol qilingan joyda og‘riq, yengil isitma yoki holsizlik kuzatilishi mumkin. Odatda, bu belgilar qisqa muddatda o‘tib ketadi.
Emlanishdan oldin oilaviy shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.
Qanday bolalarda tez-tez shamollash kuzatiladi?
Bolaning immuniteti ona qornidaligidan shakllana boshlaydi. Tug‘ilgandan keyin ona suti tarkibidagi foydali moddalar va himoya omillari uning infeksiyalarga qarshi kurashishini qo‘llab-quvvatlaydi. Profilaktik emlashlar ham bunda muhim o‘rin tutadi.
Agar 3 yoshgacha bo‘lgan bola bir yilda 4 martadan ko‘p, 3 yoshdan katta bola esa 6 martadan ortiq O‘RVI, gripp yoki bronxit bilan kasallansa, u tez-tez shamollovchi bolalar guruhiga kirishi mumkin. Bunday holatda bolani pediatr ko‘rigidan o‘tkazib, tez-tez kasallanish sababini aniqlash muhim.
Biroq bolaning tez-tez shamollashi har doim ham immuniteti pastligini anglatmaydi. Ayniqsa, bog‘chaga qatnaydigan bolalar yangi viruslar bilan ko‘proq to‘qnashgani uchun yil davomida bir necha marta kasallanishi mumkin.
Agar kasalliklar uzoq davom etsa yoki har safar og‘ir kechsa, bolaning ovqatlanishi, uyqu rejimi, jismoniy faolligi, emlash holati va surunkali kasalliklari shifokor tomonidan baholanishi lozim.
Bemor bolalarni uyda qanday parvarish qilish kerak?
Burun oqishi yoki bitishi, aksirish, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i va isitma O‘RVI’ning keng tarqalgan belgilaridir. Ko‘p hollarda kasallik yengil kechadi va uy sharoitida to‘g‘ri parvarish yetarli bo‘ladi.
Bolaga suyuqlikni oz-ozdan, tez-tez ichirish tavsiya etiladi. Xonani muntazam shamollatish, bolani ortiqcha issiq kiyintirmaslik, burun bitganda esa tuzli eritmalardan foydalanish mumkin. Bolani majburlab ovqatlantirish shart emas. Unga yoshiga mos, yengil hazm bo‘ladigan taomlar berish, chaqaloqlarni esa tez-tez emizish muhim.
Antibiotiklar virusli kasalliklarda foyda beradimi?
O‘RVI — virusli kasallik. Shu sababli uni antibiotik bilan davolash mumkin emas. Antibiotiklar viruslarga emas, bakteriyalarga qarshi qo‘llaniladi. Ularni noo‘rin qabul qilish ichak disbakteriozi, jigarga zarar yetkazishi va boshqa nojo‘ya ta’sirlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, hayot uchun xavfli allergik reaksiya — anafilaktik shok yuzaga kelishi ehtimoli ham bor. Shu sababli bolaga shifokor tavsiyasisiz antibiotik berish mumkin emas.
O‘RVI paytida qaysi mahsulotlar iste’molini cheklash kerak?
Kasallik paytida ortiqcha shirinlik va shakarli mahsulotlarni cheklash tavsiya etiladi. Meva va sabzavotlardagi tabiiy shakardan esa qo‘rqish shart emas. Sitrus mevalarini butunlay taqiqlash shart emas. Ammo ular tomoqdagi noqulaylikni kuchaytirsa, vaqtincha cheklagan ma’qul.
Sut mahsulotlari ham ko‘pchilik uchun zararli emas. Faqat hazm bilan bog‘liq noqulaylik kuzatilsa, ularni vaqtincha kamaytirish mumkin. Juda yog‘li, qovurilgan va fastfud mahsulotlari o‘rniga yengil, to‘yimli va oson hazm bo‘ladigan taomlarni tanlash, yetarli suyuqlik ichish muhim.
Bemor bolalarga qanday holatda isitma tushiruvchi dorilar berish lozim?
Bolada biroz isitma ko‘tarilishi ota-onani sarosimaga solmasligi kerak. Xastalik yengil kechayotgan bo‘lsa, aksariyat hollarda bolani uyda parvarish qilish mumkin. 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarda tana harorati 38–38,2, 1 yoshdan oshganlarda esa 38,5 darajaga yetmagunicha isitma tushiruvchi dori berish tavsiya etilmaydi.
Isitma paytida organizm suyuqlik yo‘qotgani uchun bolaga tez-tez iliq suv va boshqa suyuqliklar berish, uni yengil taomlar bilan kam-kamdan ovqatlantirish lozim.
Qaysi holatda shifoxonada davolanish tavsiya etiladi?
Isitma 38,5 darajadan ko‘tarilganda bolaga paratsetamol yoki ibuprofen kabi isitma tushiruvchi vositalar berish tavsiya etiladi. Agar bolaning ahvolida ijobiy o‘zgarish bo‘lmasa, kuchli hansirash, nafas qisishi, tez-tez nafas olish, haddan tashqari uyquchanlik, ovqat yemaslik yoki emmay qo‘yish, kuchli bezovtalik kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim.
Bunday holatda pastki nafas yo‘llarida yallig‘lanish yoki bakterial infeksiya qo‘shilgan bo‘lishi mumkin va bemorga shifoxona sharoitida davolanish talab etilishi ehtimoli bor.
Ota-onalar bemor farzandlari parvarishida eng ko‘p qaysi xatolarga yo‘l qo‘yadi?
Bola kasallanganda ayrim noto‘g‘ri muolajalar uning ahvolini og‘irlashtirishi mumkin. Masalan, tomoqni yod, zelyonka yoki boshqa kuchli vositalar bilan artish shilliq qavatni jarohatlashi mumkin. Isitmani tushirish uchun shifokor tavsiyasisiz turli dorilarni aralashtirib, ukol qilish ham xavfli. Isitma tushiruvchi dorilar bolaning yoshi va vazniga mos dozada berilishi kerak.
Yo‘tal, astma yoki allergiyasi bor bola xonasida isiriq yoki boshqa tutunli vositalarni tutatish tavsiya etilmaydi. Tutun nafas yo‘llarini ta’sirlantirib, yo‘tal va nafas qisishini kuchaytirishi mumkin.
Isitmasi bor bolani qalin kiyim va ko‘rpaga o‘rab tashlash ham noto‘g‘ri. Uni yengil, qulay kiyimda saqlash, xona haroratini mo‘tadil tutish lozim. Kasallik paytida bolaning ishtahasi pasayishi tabiiy. Uni majburan ovqatlantirish o‘rniga yetarli suyuqlikni oz-ozdan, tez-tez berish muhim. Xonani muntazam shamollatish kerak, biroq bolani sovuqda yoki yelvizakda qoldirish mumkin emas.
Shamollash mavsumida bolalarni infeksiyalardan himoya qilishda gigiyena, to‘g‘ri ovqatlanish, yetarli uyqu, mavsumga mos kiyinish, xonalarni shamollatish va profilaktik emlashlar muhim ahamiyatga ega. Bola kasallanganda esa o‘zboshimchalik bilan dori berishdan saqlanish, to‘g‘ri parvarish qilish va xavotirli belgilar paydo bo‘lsa, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish zarur.
SSV Matbuot xizmati.
