Kuzgi allergiya shamollash va grippdan qanday farqlanadi?
2026-09-18 09:45:00 / Yangiliklar

Xo‘sh, kuzgi allergiyaning asosiy sabablari nimalar? Uni O‘RVI va grippdan qaysi belgilari orqali farqlash mumkin?
Ushbu savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova javob berdi.
— Yurtimizda sentabr, oktabr va ba’zan noyabr oylarida ham havo harorati nisbatan iliq bo‘ladi, — deydi mutaxassis. — Agar bu davrda yog‘ingarchilik kam bo‘lsa, o‘simlik changchalari allergik xususiyatini saqlab qoladi. Bu esa yuqorida qayd etilgan alomatlarni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardan biridir.
Yana bir omil — zamburug‘ sporalari. Salqin kunlar boshlanib, yomg‘ir yoqqach, ular havoga yuqori konsentratsiyada tarqalishi mumkin. Natijada zamburug‘larga sezuvchan insonlarda allergik holatlar og‘irroq kechishi ehtimoli ortadi.
Zamburug‘ sporalari ko‘p uchraydigan manbalardan biri — daraxt va butalardan to‘kilgan yaproqlar. Shuningdek, zax yoki mog‘orlagan xonalar va yerto‘lalarda ham bunday allergenlar to‘planishi mumkin.
Salqin ob-havoda uy changi bilan bog‘liq allergenlar ta’siri ham kuchayishi mumkin. Ayniqsa, yaxshi isimaydigan va zax xonalarda allergenlar konsentratsiyasi ortib, allergik rinit, kon’yunktivit yoki astma belgilari kuchayishi kuzatiladi.
Allergiyani qo‘zg‘atuvchi manbalar uy ichida ham yetarlicha. Xususan, gilam va to‘shamalar, yostiqlar, devor qoplamalari, yumshoq mebel va o‘yinchoqlar, shuningdek, kitoblarda chang to‘planishi mumkin.
Mavsumiy allergiyaga moyil insonlarning taxminan yarmida it va mushuk kabi uy hayvonlari yungiga nisbatan ham sezuvchanlik kuzatiladi.
Kuzgi allergiya belgilari haqiqatan ham O‘RVI va gripp alomatlariga o‘xshash. Biroq ularni bir-biridan ajratishga yordam beradigan muhim farqlar bor.
Masalan, shamollash va gripp belgilari virus bilan aloqa qilgandan keyin ma’lum vaqt o‘tib namoyon bo‘ladi. Allergiya alomatlari esa allergen bilan kontaktdan so‘ng tezda paydo bo‘lishi mumkin.
Shamollash va gripp simptomlari odatda 3–14 kun ichida o‘tib ketadi. Allergik reaksiyalar esa allergen ta’siri davom etsa, bir necha hafta yoki hatto oylab saqlanishi mumkin. Qolaversa, allergiyada odatda tana qaqshashi va isitma kuzatilmaydi.
Allergiya belgilari kuzatilganda, o‘z vaqtida mutaxassisga murojaat qilish tavsiya etiladi. Xususan, markazimizda bunday kasalliklarni zamonaviy diagnostika usullari va ilg‘or tibbiy texnologiyalar asosida aniqlash hamda samarali davolash yo‘lga qo‘yilgan.
SSV Matbuot xizmati.
