Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot va Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida sog‘liqni saqlash xavfsizligi bo‘yicha transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash loyihasini boshladi
2026-09-04 17:30:00 / Majlislar

Tadbirda O‘zbekiston va Tojikistonning sanitariya-epidemiologik nazorat sohasidagi yuqori martabali vakillari, Osiyo taraqqiyot banki, Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot, shuningdek, har ikki davlatning tegishli milliy idoralari va transchegaraviy masalalar bo‘yicha ekspertlari ishtirok etdi. Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad loyihaning vazifalari, uni amalga oshirish yondashuvlari hamda asosiy manfaatdor tomonlarning rollari yuzasidan umumiy tushunchani shakllantirishdan iborat edi.
O‘zbekiston va Tojikistonni ko‘p yillik yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, 1330 kilometrdan ortiq umumiy chegara hamda aholining yuqori darajadagi transchegaraviy harakatchanligi bog‘lab turadi. Amaldagi vizasiz tartib savdo, transport aloqalari va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, u jamoat salomatligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yuqumli kasalliklarning chegaralar orqali tarqalishining oldini olish zaruratini ham ko‘rsatmoqda. Mazkur loyiha, birinchi navbatda, “Oybek” chegara o‘tkazish punkti (Bekobod tumani, Toshkent viloyati, O‘zbekiston) va “Fotexobod” chegara o‘tkazish punkti (Mastchoh tumani, Sug‘d viloyati, Tojikiston) o‘rtasidagi hamkorlikka qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Botirjon Kurbanov chegara hududlarining mintaqaviy sog‘liqni saqlash xavfsizligi uchun ahamiyatini ta’kidladi: “Toshkent-Xo‘jand yo‘nalishida joylashgan ‘Oybek’ va ‘Fotexobod’ kirish punktlarining strategik o‘rni ularni odamlar va yuklarning xavfsiz hamda tartibli harakatlanishini ta’minlashdagi muhim markazlarga aylantiradi. Bu esa ikki mamlakat vakolatli organlari o‘rtasidagi sanitariya-epidemiologik nazorat va muvofiqlashtirishni izchil mustahkamlab borish zaruratini ko‘rsatadi.”
Tojikiston Respublikasi sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari Amirzoda Abduxoliq yuqumli kasalliklar, epidemiyalar va jamoat salomatligiga boshqa tahdidlar davlat chegaralarini tan olmaydigan bugungi sharoitda loyihaning boshlanishi ayniqsa dolzarb ekanini ta’kidladi: “Bunday muammolarning samarali oldini olish va ularga javob qaytarish uchun o‘z vaqtida axborot almashish, tegishli xizmatlarning muvofiqlashtirilgan harakatlari va davlatlararo yaqin hamkorlik talab etiladi.”
MXTning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Artur Erken tashkilotning loyihani amalga oshirishga qo‘shadigan o‘ziga xos hissasini ta’kidladi: “Biz ushbu loyihaga nafaqat texnik ekspertizani, balki operatsion moslashuvchanlikni ham olib kiramiz. Bu siyosatni amaliyot bilan, ma’lumotlarni qaror qabul qilish jarayonlari bilan, milliy tizimlarni esa joylardagi aholi harakatchanligining real holati bilan bog‘lash qobiliyatidir.”
OTBning Inson va ijtimoiy rivojlanish sektori direktori Sofiya Shakil loyiha idoralararo ishchi guruh tuzilishini, transchegaraviy axborot almashish mexanizmlari ishlab chiqilishini, epidemiologik nazorat tizimlari mustahkamlanishini, shuningdek, chegaraoldi jamoalari va harakatchan aholi guruhlarining sog‘liqni saqlashga bo‘lgan ehtiyojlari yuzasidan dalillarga asoslangan ma’lumotlar bazasi shakllantirilishini ta’minlashini qayd etdi.
Loyihaning amalga oshirilishi, shuningdek, CAREC mintaqaviy hamkorligi maqsadlariga erishish, chegara hududlarida yashovchi aholi salomatligini yaxshilash hamda Markaziy Osiyoda aholi harakatchanligi ortib borayotgan sharoitda inson salomatligini himoya qilishning yanada samarali mexanizmlarini yaratishga xizmat qiladi.
