Mutaxassis: grippga qarshi vaktsinalarning ta'sir kuchi bir yilgacha etadi
2024-09-14 09:20:00 / Yangiliklar

— Kuzning birinchi oyi yarimlab qoldi. Hademay yog'ingarchilik mavsumi boshlanib, havo harorati sezilarli darajada pasayadi. Bu — gripp va o'tkir respirator virusli infektsiyalarning tarqalishi uchun qulay davr. Ko'tarilish mavsumi esa odatda noyabr oyidan boshlanib, mart oyigacha davom etadi.
Gripp virusining xavfli jihatlari va asoratlari ko'pchilikka ma'lum: bu kasallik qon tomirlari devorlarining himoya qobiliyatini susaytirib yuboradi. Shu sababli infektsiyalar qon oqimi orqali ichki organlarga etib borib, yallig'lanish o'choqlarini hosil qiladi.
Oqibatda u pnevmoniya, bronxit, yuqori nafas yo'llarining ikkilamchi bakterial infektsiyalari, asab va yurak-qon tomir tizimi hamda qandli diabet kabi xastaliklarni keltirib chiqaradi. Eng yomoni, ushbu darddan o'z vaqtida davolanmaslik o'lim holatlariga ham sabab bo'lishi mumkin.
Bu borada Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining tahliliy hisoboti bor. Unga ko'ra, dunyo bo'yicha yiliga 650 ming nafarga yaqin inson mavsumiy grippdan vafot etadi.
Albatta, kasallikni davolashdan ko'ra, uning oldini olgan afzal! Xo'sh, bu borada qanday muhim tavsiyalar bor?
Avvalo, immun tizimini mustahkamlash lozim. Shunda organizmning turli kasalliklarga nisabatan himoya qobiliyati oshadi. Qolaversa, grippdan ishonchli himoyalanish uchun unga qarshi emlanish — eng to'g'ri va oqilona usul.
Chunki vaktsina xavfsiz va yuqori ta'sirga ega. Yillik kasallanish va o'lim holatlarini etarlicha kamaytiradi. Ya'ni zamonaviy grippga qarshi emlash vositalarining samaradorligi 90 foizga teng.
Binobarin, bunday vaktsina organizmda 15 kun ichida grippga qarshi immunitet ishlab chiqadi. Ta'sir kuchi 1 yilga etadi.
Emlashdan oldin shifokor tomonidan, albatta, emlanuvchi shaxsning umumiy salomatligi tekshirilib, shunga ko'ra vaktsinasiya qilish-qilmaslik belgilanadi. Ya'ni, emlanadigan kishi shamollash, nafas olish yo'llari yallig'lanishi kabi kasalliklardan tamoman sog'lom bo'lishi kerak.
Shuningdek, vaktsina tarkibidagi komponentlarga nisbatan allergik ta'sirchanlik darajasi ham tekshiriladi.
JSST ushbu virusga qarshi, birinchi navbatda, homilador ayollar, 6 oylikdan 5 yoshgacha bo'lgan bolalar, keksa yoshli insonlar (65 yoshdan katta), surunkali kasalliklari bor bemorlar va tibbiyot xodimlarini emlashni tavsiya etadi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
