Yurtimizda elektron sigaretalar taqiqlanmoqda: qanday natijalar kutilyapti?
2026-08-10 15:10:00 / Yangiliklar

— Maqsad — bolalar va o'smirlarni, kelajak avlodni, millat genofondini, atrof-muhitni yangi tamaki va nikotin mahsulotlaridan himoya qilish hamda buning uchun huquqiy asoslarni yaratishdan iborat, — deydi Sog'liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurash bo'yicha konsultanti Shuhrat Shukurov. — Qonun bilan nikotin etkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o'tkazish, shuningdek, yurtimiz hududiga olib kirish, undan olib chiqish taqiqlandi.
Bu qoidani buzgan, shu jumladan, muomalasi (ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o'tkazish, shuningdek mamlakatga olib kirish, mamlakatdan olib chiqish) taqiqlangan chekilmaydigan (tutunsiz) tamaki mahsulotlarini (nosvoydan tashqari) muomalaga kiritadiganlar uchun:
huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) bir baravaridan 200 baravarigacha miqdorda ma'muriy javobgarlik;
BHMning 200 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilandi.
Agar shaxs o'z ixtiyori bilan aybini bo'yniga olish to'g'risida hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan taqdirda, mazkur shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.
Yana bir yangilik shuki, tamakini qizdirish tizimlarini (oddiy tamaki mahsulotlari singari) qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik uchun:
huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, Bhmning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda ma'muriy javobgarliklar;
BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilandi.
Qonun aholi, ayniqsa bolalar va o'smirlar tomonidan elektron sigaretalarni xarid qilish imkoniyatini va chekish darajasini keskin qisqartirishga, pirovardida, barkamol avlodni o'stirishga xizmat qiladi.
Eslatib o'tamiz, qonun joriy yilning 1 mart sanasidan boshlab kuchga kirgan.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
