Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligida vazir Mixail Murashko bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning tibbiyot, ilmiy va ta’lim muassasalari rahbarlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi
2026-07-15 22:30:00 / Yangiliklar

Muzokaralar doirasida tibbiy yordamni tashkil etish tizimini takomillashtirish, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, telemeditsinani rivojlantirish, bemorlarni masofadan turib kuzatish hamda tibbiyot kadrlarini tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan ekspertlar sessiyasi o‘tkazildi.
Tomonlar onkologiya, radiologiya, yadro tibbiyoti, gematologiya, shoshilinch tibbiy yordam, tibbiy reabilitatsiya va palliativ yordam sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Majburiy tibbiy sug‘urta federal jamg‘armasi, Federal halokatlar tibbiyoti markazi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Ishlar boshqarmasi tasarrufidagi Markaziy klinik shifoxona va poliklinika hamda «Barvixa» klinik sanatoriysi faoliyati bilan tanishdi.
Rossiya tomonidan mamlakatning yetakchi federal ixtisoslashtirilgan markazlari faoliyatini tashkil etishning zamonaviy usullari taqdim etildi. Jumladan, A.F. Tsib nomidagi Tibbiy radiologiya ilmiy markazi, N.N. Bloxin nomidagi Onkologiya milliy tibbiyot ilmiy markazi, Milliy tibbiyot ilmiy gematologiya markazi hamda Dmitriy Rogachyov nomidagi Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi milliy tibbiyot ilmiy markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi.
—





