Antibiotiklarni qabul qilgandan keyin ichak mikroflorasini qanday tiklash mumkin?
2024-08-16 17:40:00 / Yangiliklar

Xo'sh, antibiotiklar qabul qilgandan keyin ichak mikroflorasini tiklash uchun nimalar qilish kerak?
Ushbu savolga Sog'liqni saqlash vazirligi klinik protokollar va standartlarni ishlab chiqish va joriy etish bo'limi boshlig'i Sevara Ubaydullaeva javob berdi.
— Antibiotiklar kursi tugaganidan keyin rasionga probiotiklar va prebiotiklarga boy mahsulotlarni kiritish kerak, — deydi mutaxassis. Probiotiklar — bu ichakni foydali bakteriyalar bilan to'ldirishga yordam beruvchi tirik mikroorganizmlar, prebiotiklar esa foydali bakteriyalar uchun ozuqa manbai hisoblanib, ularning ko'payishiga yordam beradi.
Bunday foydali bakteriyalar yogurt, kefir, tuzlangan karam, pishloq, banan, piyoz, sarimsoq kabi mahsulotlarda ko'p bo'ladi.
Ichak mikroflorasini tiklash uchun qayta ishlangan, yarim tayyor mahsulotlar, yog'li taomlar, shakar, alkogol va kofe iste'molini cheklash tavsiya etiladi. Bundan tashqari, etarli miqdorda suv ichish, ko'proq meva-sabzavotlar, butun donli, oqsil, ayniqsa S vitaminiga boy mahsulotlar tanovul qilish muhim.
Antibiotik dori vositalarini qabul qilish oqibatida zaiflashgan immunitetni mustahkamlash uchun kamida 7-8 soat uxlash, sport bilan shug'ullanish, zararli odatlardan voz kechish maqsadga muvofiq.
Ushbu qoidalarga amal qilgan bemorlarda ichak faoliyati o'rtacha 1,5-2 oyda to'liq tiklanadi.
Agar antibiotiklar kursidan keyingi asoratlar ushbu muddatdan ko'proq vaqt davomida saqlansa, shifokorga murojaat qiling.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
