O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirining soha xodimlari va aholiga MUROJAATI
2026-07-01 08:35:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Korrupsiya — mamlakat taraqqiyotiga to‘siq bo‘luvchi jiddiy tahdid. Shu bois Prezidentimiz bu global muammoning naqadar xavfli ekanini ta’kidlab, uni jamiyat tanasidagi saraton deya ta’riflagan edi.
Bu illatning oldini olish, uning har qanday ko‘rinishiga qarshi keskin va murosasiz kurashish maqsadida Yangi O‘zbekistonda turli byurokratik to‘siqlarga barham berilib, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Tabiiyki, bu inson hayoti va salomatligiga bevosita mas’ul bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari zimmasiga ham katta vazifalar yuklaydi.
Bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilayotgan tanqidiy fikrlar va murojaatlar sohada yechimini kutayotgan kamchilik hamda byurokratik to‘siqlar talaygina ekanini ko‘rsatmoqda.
Shu sababli oldimizdagi muammolarni chuqur anglagan holda, korrupsiyaga qarshi kurashni qat’iy yo‘lga qo‘yish maqsadida Sizlarga murojaat qilmoqdaman.
Aziz yurtdoshlar!
Bilasiz, Prezidentimiz o‘tgan yili Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida korrupsiyani jamiyatda ishonch muhitini izdan chiqaradigan jiddiy tahdid deya ta’riflab, unga qarshi “favqulodda holat” e’lon qilgan edi.
Mazkur strategik siyosatni amalga oshirish maqsadida Prezidentimizning 2026-yil 5-maydagi tegishli farmoniga muvofiq, vazirlik tuzilmasi qayta tashkil etilmoqda. Bugungi kunda vazirlik markaziy apparati zamon talablariga mos, yangicha fikrlovchi, muammoli masalalarga professional va kreativ yondashadigan malakali kadrlar bilan to‘ldirilmoqda.
Shuningdek, ilk bor korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi ta’sis qilindi. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi kengaytirilib, Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boshqarmasiga aylantirildi.
Sohada korrupsiyaviy risklarni erta aniqlash, ularga chek qo‘yish va budjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishining oldini olish maqsadida shu yilning o‘tgan besh oyi davomida vazirlik tizimidagi tashkilotlarda masofaviyaudit.uz avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali jami 979 ta holatda 514,9 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar erta aniqlanib, bartaraf etildi.
Tug‘uruq muassasalarida homiladorlar va ularning yaqinlaridan “suyunchi” puli yoki kesarcha kesish amaliyoti uchun noqonuniy haq talab qilish holatlarining oldini olish maqsadida barcha tibbiyot tashkilotlari, jumladan, tug‘uruq komplekslarida “Sirli mijoz” tadbirlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Bu kabi sa’y-harakatlar tufayli Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Ochiqlik indeksida Sog‘liqni saqlash vazirligi 87,2 ball bilan 97 ta tashkilot orasida biryo‘la 60 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “sariq” darajadan “yashil” darajaga ko‘tarildi. Biroq hali sohada qiladigan ishlarimiz ko‘p.
Hurmatli fuqarolar!
Ma’lumki, korrupsiya bor joyda odamlarning davlatga ishonchi yo‘qoladi. Ishonch yo‘q joyda esa na islohot samara beradi, na adolat qaror topadi.
Shu bois vazirlikda boshlangan kadrlarni yangilash siyosati doirasida kelgusida hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, umuman, barcha davolash-profilaktika muassasalarini qamrab olish ko‘zda tutilgan. Bu borada aholidan kelib tushayotgan e’tiroz va shikoyatlar asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi.
Qolaversa, 2026-yil 1-iyuldan boshlab “Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyati “E-Komplaens” elektron moduli orqali to‘liq raqamlashtiriladi.
Shu bilan birga, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan samarali yechimlar ishlab chiqiladi.
Albatta, bu illatga qarshi kurashishda tibbiyot xodimlari, shubhasiz, asosiy tayanchimiz bo‘ladi. Bundan tashqari, jamoatchilikning faol ishtiroki va ko‘magisiz bu yo‘nalishda ijobiy natijaga erishish mushkul.
Aziz hamkasblar! Hurmatli yurtdoshlar!
Agar Siz tizim tashkilotlari, hududiy boshqarmalar, tibbiyot muassasalari yoki ularning mansabdor shaxslari va xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlari, manfaatlar to‘qnashuvi holatlari, byurokratik to‘siqlar, noqonuniy to‘lovlar talab qilinishi yoki boshqa huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lsangiz, vazirlikning “1203” qisqa raqamli “Ishonch telefoni” yoki info@ssv.uz elektron pochta manzili orqali xabar bering.
Har bir murojaat belgilangan tartibda, tezkor ravishda ko‘rib chiqiladi. Murojaatchilarning shaxsi va taqdim etilgan ma’lumotlarning maxfiyligi kafolatlanadi hamda aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.
Ishonamanki, birgalikda Yangi O‘zbekiston tibbiyotini korrupsiyadan xoli, adolatli va shaffof tizimga aylantiramiz.
Eldor ADILOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Sog‘liqni saqlash vaziri.
