Maktab sumkasini tanlash va undan foydalanishda nimalarga e'tibor berish kerak?
2024-08-09 11:10:00 / Yangiliklar

Ammo ko'pchilik bolalar ularni tanlashda portfelning tashqi ko'rinishiga, ota-onalar esa chidamliligi, qulayligi hamda bahosiga alohida e'tibor qaratishadi.
Xo'sh, bu borada tibbiyot mutaxassislarining tavsiyalari qanday?
Respublika bolalar ortopediya markazi direktori Akbar Tilyakov shu mavzudagi mulohaza va xulosalari bilan o'rtoqlashdi.
— Noto'g'ri tanlangan va foydalanilgan ryukzaklar maktab yoshidagi bolalarning umurtqa pog'onasi hamda mushaklari uchun ortiqcha yuklamani keltirib chiqaradi, — deydi mutaxassis. — Bu holat kelgusida skolioz kabi kasalliklarning rivojlanish xavfini oshirishi mumkin.
Maktab sumkasi bolaning orqa qismiga qulay joylashadigan o'lchamda, tasmalari elka qismiga botmaydigan keng va yumshoq yostiqchali qoplamalar bilan ta'minlangan bo'lishi lozim.
Matosi suv o'tkazmaydigan, orqa astari esa yupqa bo'lmasligi kerak. Aks holda, sumka ichidagi qatiq buyumlar, kitoblar jildining burchaklari kuraklar hamda bel sohasida og'riq va jarohatlarni keltirib chiqarishi xavfi bor.
Ryukzaklarni ikki elkaga baravar osish tavsiya etiladi. Bu og'irlikning tana bo'ylab muvozanatli taqsimlanishiga xizmat qiladi va umurtqa pog'onasi egriligi bilan bog'liq patologiyalar kelib chiqishidan asraydi.
Maktab sumkasi beldan pastga tushmagan holatda, lekin undan 5 santimetrdan kam bo'lmagan uzunlikda taqib yurilishi maqsadga muvofiq.
Ryukzakning umumiy og'irligi bola vaznining 10-15 foizidan oshmasligi kerak. Bu me'yor kichik yoshdagi o'quvchilar uchun taxminan 3-5 kilogramm, o'rta sinfdagi bolajonlar uchun 6-8 kilogrammga teng.
Sumkaga o'quv qurollari va jihozlarini joylashtirish ham muhim jarayon. Jumladan, og'ir narsalar ryukzak o'rtasiga, engillari har ikki tomoniga muvozanatli solingani ma'qul.
Qolaversa, katta hajmdagi, og'ir va noqulay ryukzaklardan foydalanish bolajonlarning zinapoya va yo'laklarda yiqilish xavfini oshiradi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
