Yurak tug'ma nuqsoni bilan dunyoga kelgan bolalar kam invaziv usulda davolanmoqda
2024-08-06 11:40:00 / Yangiliklar

Shundan kelib chiqib, hozir yurtimizning 8 ta tibbiyot muassasasida yurak tug'ma nuqsoni bor bolalarda murakkab kardioxirurgik amaliyotlar bajarib kelinmoqda. Birgina o'tgan yili 4 458 nafar o'g'il-qizda shunday operasiyalar o'tkazildi. Ulardan 987 nafari kam invaziv usulda sog'lomlashtirildi.
Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo'lim mudiri Umid Muratov ushbu xastalikning kelib chiqish sabablari, belgilari va kam invaziv usulda davolash usullari haqida ma'lumot berdi.
— Yurakning tug'ma nuqsonlari – og'ir kasallik, — deydi mutaxassis. — Bu patologiya dunyoda yangi tug'ilgan chaqaloqlar va bir yoshgacha bo'lgan bolalar o'rtasidagi o'lim holatlari bo'yicha yuqori o'rinda turadi.
Xastalik rivojlanishida onaning surunkali yoki o'tkir infektsiyali kasalliklari, virusli xastaliklar, gormonal va neyrogumoral omillar, stress hamda yaqin qarindoshlar o'rtasidagi nikoh asosiy sabablar sifatida ko'rsatiladi.
Shuningdek, homilador ayollardagi anemiya, tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish, ba'zi dorilardan foydalanish ham homilaning sog'lom rivojlanishiga salbiy ta'sir etishi, natijada bola tug'ma nuqsonlar bilan dunyoga kelishi mumkin.
Kasallikdan aziyat chekayotgan kichik yoshli bemorlarda lablar, quloqlar va tirnoq ostidagi terining ko'karishi, terlash, yurakda shovqin, tez nafas olish, charchoq, ishtahaning pastligi, tana vazni ortishining sustligi, nafas olish paytida qovurg'alarning siqilishi, yurakning tez urishi kabi bir necha simptomlar kuzatiladi.
Hozir markazimizda bunday tashxis qo'yilgan bolalarni muolaja qilishda yaqin yillargacha faqat ilg'or xorijiy mamlakatlarda amalga oshirib kelingan murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlari keng qo'llanilmoqda.
Jumladan, o'tgan yili Prezidentimiz topshirig'i asosida mamlakatimizdagi qator tibbiyot muassasalarida tug'ma yurak nuqsoni bor 2000 nafar o'g'il-qizda davlat hisobidan murakkab operasiyalar o'tkazildi. Ularning bir qismi endovaskulyar usuldagi muolajalar yordamida sog'lomlashtirildi. Bunda markazimiz mutaxassislarining ham hissasi katta bo'ldi.
Aytish joizki, kam invaziv amaliyot jajji bemorlarning shifoxonada qolish muddatini 2-3 kunga kamaytiradi. Operasiya hech qanday kesmalarsiz, tomirlardagi 1,5-2 mm teshikchalar orqali o'tkaziladi. Kosmetik nuqsonlar qolmay, reabilitasiya davri 6-9 oydan 10-15 kungacha qisqaradi va bemorlarning tezroq oyoqqa turishi ta'minlanadi.
Hozir muassasamizda yuragi xasta bolajonlarimiz shunday yuqori texnologik operasiyalar orqali qisqa muddatda og'ir darddan xalos bo'lmoqda.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
