AQShning etakchi universiteti yurtimizda kadrlarni grant asosida tayyorlaydi
2026-06-08 10:50:00 / Yangiliklar

Safar davomida dunyoning TOP-25 va tibbiyot yo'nalishida jahonning TOP-20 universitetlari qatoriga kiruvchi ushbu ta'lim muassasasi bilan qator yo'nalishlarda hamkorlikka erishildi.
Tashrifning asosiy maqsadi tibbiy ta'lim, klinik tayyorgarlik, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro grantlar, akademik almashinuv hamda AQShning ilg'or tajribasini O'zbekiston oliy tibbiy ta'lim tizimiga integrasiya qilishdan iborat bo'ldi.
Dastlab Michigan universiteti va uning "Michigan Medicine" klinik bazasi vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar o'tkazildi. Muloqot yakunida Farg'ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti va Michigan universiteti o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ma'lumot uchun: Michigan universiteti (University of Michigan-Ann Arbor) — nafaqat AQSh, balki dunyodagi eng nufuzli oliygohlardan biri bo'lib, ilmiy tadqiqotlar va ta'lim sifati bo'yicha jahonda etakchi o'rinni egallaydi.
Jumladan, 2026 yilda Times Higher Education (THE) World University Rankings natijalariga ko'ra, u dunyoda 24-o'rinni band etgan. Tibbiyot va sog'liqni saqlash yo'nalishlari bo'yicha esa uning natijalari yanada yuqori: Times Higher Education Medical and Health Rankings'ning joriy yil natijalariga ko'ra esa u tibbiyot, stomatologiya, hamshiralik ishi va sog'liqni saqlash yo'nalishlarida dunyoda 19-o'rinda turadi.
Memorandum doirasida tibbiy ta'lim, ilmiy tadqiqotlar, professor-o'qituvchilar va talabalar almashinuvi, xalqaro grantlar hamda klinik tayyorgarlik yo'nalishlarida uzoq muddatli hamkorlikka asos solindi.
Michigan universitetining dunyo tan olgan qator etakchi professorlari bilan muloqot davomida tibbiy ma'lumotlarni tahlil qilish, sun'iy intellekt elementlarini joriy etish va ilmiy tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida professorlarni joriy yil sentyabr-oktyabr oylarida Farg'ona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga taklif etish, O'zbekiston shifokorlari va professor-o'qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari, mahorat darslari, seminarlar hamda klinik treninglar tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tashrif davomida Michigan universitetining Weiser Professional Development Awards dasturi alohida o'rganildi. Mazkur dastur Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O'zbekiston fuqarolari uchun 2-3 oylik ilmiy stajirovkalarni moliyalashtiradi. Dastur shartlariga ko'ra, ishtirokchilarning xalqaro aviachiptalari, yashash xarajatlari, turar joy, tibbiy sug'urta va stipendiya xarajatlari grant mablag'lari hisobidan qoplanadi.
Muzokaralar davomida Farg'ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti professor-o'qituvchilari, doktorantlari, yosh olimlari, shifokorlari va iqtidorli talabalarini ushbu grant dasturlariga tizimli ravishda jalb etish bo'yicha kelishuvga erishildi. Bu esa O'zbekiston tibbiy ta'limi vakillarining dunyoning eng ilg'or ilmiy markazlarida malaka oshirishi uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.
Tashrif davomida Michigan universitetida joriy etilgan USMLE (United States Medical Licensing Examination) standartlari asosidagi tibbiy ta'lim modeli ham batafsil o'rganildi. Mazkur tizim talabalarni klinik fikrlash, diagnostik qaror qabul qilish, bemor bilan ishlash va amaliy ko'nikmalarni shakllantirishga yo'naltirilganligi bilan ahamiyatlidir.
Tomonlar O'zbekiston tibbiy ta'lim tizimiga USMLE elementlarini bosqichma-bosqich integrasiya qilish, klinik fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan seminarlar, xalqaro konferentsiyalar, mahorat darslari hamda professor-o'qituvchilar uchun maxsus trening dasturlarini yo'lga qo'yish bo'yicha ham kelishuvga erishdi.
Ushbu natijalar mamlakatimizda tibbiyot kadrlarini tayyorlash sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, ilmiy salohiyatni oshirish va tibbiy ta'limni modernizasiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
SSV matbuot xizmati.




