Yangi tartib: qaysi toifadagi bemorlar davlat mablag'lari hisobidan yo'llanma asosida davolanishi mumkin?
2026-05-15 11:50:00 / Yangiliklar

Unga ko'ra, tibbiyot tashkilotlarida yo'llanma asosida Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan tibbiy yordam quyidagilarga ko'rsatiladi:
tuman (shahar) darajasida – aholining barcha toifalariga;
hududiy darajada — imtiyozli bemorlarga (2026 yil 1 iyuldan boshlab davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda amaliyotga tatbiq etiladi);
respublika darajasida — imtiyozli bemorlarga (2027 yil 1 yanvardan boshlab tegishli aholi toifalariga nisbatan qo'llaniladi).
2027 yil 1 yanvardan boshlab:
so'nggi bir yil davomida kamida olti oy jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i yoki ijtimoiy soliq to'laganlar;
Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to'lagan shaxslar;
voyaga etmaganlar, ta'lim tashkilotlari o'quvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga to'lmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro'yxatdan o'tganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarning a'zolari uchun davlat tibbiy sug'urtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy yordam bepul amalga oshiriladi.
Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan tibbiy yordam ko'rsatiladigan aholi qatlami Prezidentimizning 2024 yil 5 sentyabrdagi PQ-311-son qarori 3-bandida keltirilgan.
Davlat byudjeti hisobidan tibbiy yordam olish uchun bemorlar o'zi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga murojaat qiladi.
Imtiyozli bemorlar tibbiyot tashkilotlariga elektron axborot tizimida tasdiqlanadigan yo'llanmalar asosida yo'naltiriladi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
